Rossiyaga ishlash uchun borgan o‘zbekistonlik 48 yoshli migrant Moskvada hujjatlarni tekshirish vaqtida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda fuqaro yuk tashuvchi bo‘lib ishlagani, qurilish maydonchasida spirtli ichimlik ichib, dam olayotgan vaqtida politsiya xodimi hujjatlarni tekshirish uchun obyektda reyd o‘tkazgani aytilgan. Fuqaro hujjatlarni taqdim eta olmagach, o‘sha vaqtda ahvoli yomonlashib, “tez yordam” mashinasida shifoxonaga yetkazilgani va u yerda vafot etgani bildirilgan.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi uning vafotini tasdiqladi, ammo o‘lim hujjat taqdim qilish jarayonida bo‘lganini rad etdi.

“Fuqaro sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Botkina nomidagi shahar shifoxonasiga joylashtirilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, hayotdan ko‘z yumgan. Politsiya xodimlari tomonidan hujjatlarini tekshirish natijasida uning vafot etgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmagan. 25-may kuni ushbu vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga qaytarilgan”, — deyiladi xabarda.