Kosovo shimolida serb namoyishchilari politsiya va NATOning mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan KFOR tinchlikparvar kuchlari bilan to‘qnashuvi oqibatida o‘nlab odamlar jarohat oldi, deb xabar bermoqda BBC.

KFOR (Kosovo Force) ma’lumotlariga ko‘ra, missiyaning 25 nafar vakili jarohatlangan. Vengriya va Italiyadan kelgan tinchlikparvar kuchlar sinish va kuyish kabi jarohatlar oldi, deyiladi missiya. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichga ko‘ra, 50 dan ortiq serb yaralangan.

Mintaqadagi vaziyat aprel oyida, Kosovoning shimoliy qismidagi serblar ko‘p bo‘lgan bir qancha shaharlarida mahalliy saylovlar o‘tkazilganda keskinlashgan. Serblar bu saylovlarni boykot qilgan va natijada alban siyosatchilari g‘alaba qozongan. Saylovchilar 4 foizdan kamroqni tashkil etgan.

26-may kuni alban merlar o‘z lavozimiga kirishgan. Kosovoning aksariyat serb munitsipalitetlarida ma’muriy binolar oldiga yig‘ilgan mahalliy aholi bunga qarshi norozilik bildirgan. Shundan so‘ng namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

29-may kuni politsiyaga yordam berish uchun KFOR otryadlari yuborilgan. Eng yirik to‘qnashuvlar Zvechan munitsipalitetida qayd etilgan.

Zvechan ko‘chalarida yuz bergan to‘qnashuvlar tasviri.

NATO va bir qator G‘arb davlatlari vaziyatga allaqachon munosabat bildirdi. NATO KFOR`ga qilingan hujumlarni “mutlaqo nomaqbul” deb atadi va barcha tomonlarni “qarama-qarshilikni kuchaytiruvchi harakatlardan tiyilishga” chaqirdi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida Kosovo hukumatining “shimolda taranglik va beqarorlikning kuchayishiga olib keladigan” harakatlarini qoraladi. U “zo‘ravonlik choralarini to‘xtatish” va muloqotga chaqirdi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham “zo‘ravonlik va keskinlikni kuchaytiradigan har qanday harakatni zudlik bilan to‘xtatish” va Belgrad va Prishtina (poytaxtlar) o‘rtasida muzokaralar olib borishga chaqirdi.

Kosovo 2008-yil fevralida serblar va asosan albanlar o‘rtasidagi ko‘p yillik to‘qnashuvlardan so‘ng Serbiyadan mustaqilligini bir tomonlama e’lon qilgan. Shu kungacha Kosovo mustaqilligini 117 ta davlat, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari tan olgan.