Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sirdaryo viloyatida Zamira To‘ychiyeva ismli yosh qizaloq maktabdan qaytishda daryodan qayiq orqali suzib o‘tayotgani aks etgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Shundan so‘ng Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmal Maxmudaliyev qizning onasi bilan uchrashgandi. Shuningdek, hokimning tegishli ko‘rsatmasi bilan hokimiyat mas’ullari, viloyat FVB boshlig‘i, Bekobod tumani hokimi hamda mutasaddi tashkilotlar qizning xonadonida bo‘lgan.

Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, endi qiz maktabga borishi uchun daryo kechib o‘tishi shart emas. Viloyat hokimining taklifiga ko‘ra Zamira yangi o‘quv yilidan boshlab Guliston Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida akademik eshkak eshish yo‘nalishida o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldi.

Markazda yotoqxona va 4 mahal bepul ovqat bilan ta’minlanadi. Shuningdek, bo‘sh vaqtlarida unga “Yoshlar markazi”da dasturlash hamda IT-sohasini o‘rganishi uchun sharoit yaratib berilishi ma’lum qilingan.