Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi bog‘chada bolalarning oyog‘iga uxlamaganlik uchun igna tiqilayotgani aytilgan video tarqaldi. Poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat 122-sonli DMTTda sodir bo‘lganini bildirib, voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Videoda tarbiyalanuvchilardan birining onasi o‘g‘lining dumg‘aza qismiga igna sanchilganini aytgan.

Aniqlanishicha, pedagogika kolleji o‘quvchisi R.M. amaliyotini o‘tash uchun tumanning “Oriyat” MFYda joylashgan 122-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 11-may kunidan 4-sonli kichik guruhga qabul qilingan.

U 26-may kuni shu guruhdagi tarbiyalanuvchilar uxlamagani sababli 2−3 nafariga igna tiqib olgan. Hozirda talaba amaliyotdan chetlatilgan.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.