O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi Xorazmda kichik yoshdagi qizlarga tegajog‘lik qilgan o‘qituvchiga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi berilgani haqida yozgandi. Viloyat sudi matbuot xizmati holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tumani sudining 25-maydagi qaroriga ko‘ra, o‘qituvchi B.R.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, huquqbuzar B.R. voyaga yetmagan 3-sinf o‘quvchilari S.K. va M.E.ga nisbatan dars paytida shahvoniy shilqimlik qilganlikda aybdor deb topilgan.

41¹-moddaning 1-qismida mazkur huquqbuzarlik sanksiyasida BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan. Huquqbuzar B.R.ga mazkur modda sanksiyasida nazarda tutilgan maksimal jazo, ya’ni 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

O‘z navbatida, Nemolchi.uz loyihasi o‘qituvchi 61 yoshda ekani, rus tili fanidan dars berishi, mashg‘ulotlar vaqtida qizlar tanasining turli joylariga qo‘li bilan tegingani, sudlanuvchi esa aybini tan olmay, shunchaki qizlar yaxshi o‘qigani uchun yelkalarini qoqqanini aytgani haqida yozdi.

“Lekin to‘plangan ma’lumotlar qizlarning gapini tasdiqladi. Ya’ni tergov va sud pedagog kichik yoshdagi qizlarning intim a’zolarini ushlaganini bildi va buni og‘irlashtiruvchi holat deb topmadimi? Bunday jinoyatlar Jinoyat kodeksi 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi „b“, „v“ va „j“ bandlari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim”, — deyiladi xabarda.

Buning uchun jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqlagan holda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

“Jinsiy tegajog‘lik haqidagi modda 16 yoshdan yuqori bo‘lgan shaxslarni himoya qilish uchun kiritilgan edi, negaki bungacha qonun faqat yosh bolalarni himoya qilardi. Bolalarga nisbatan esa 129-modda qo‘llanishi shart. Xotin-qizlar va bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun zo‘ravonlarga jazoni yengillashtirish uchun qo‘llangani xafa qiladi. Biz buning uchun kurashganimiz yo‘q”, — deya qayd etilgan xabarda loyiha ishni qayta kvalifikatsiyalashni talab qilib, pedagog o‘z qilmishi uchun to‘liq jazolanishini so‘ragan.