Samarqand viloyatida fuqarolarni AQShga noqonuniy yuborishga urinishning oldi olindi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

22 yoshli fuqaro IIBga ariza bilan murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi shaxs noqonuniy tarzda AQShga jo‘natish ishlari bilan shug‘ullanib kelayotganini ma’lum qilgan. U avvaliga Yevropa orqali Meksikaga, so‘ngra AQShga olib o‘tish uchun har bir kishidan 30 ming dollar, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun esa oldindan 10 ming dollar talab qilgan.

Viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Samarqand shahring Ali Qushchi ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida ushbu shaxs arizachidan 10 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.