Ba’zida kino ko‘rging keladiyu, lekin nima ko‘rishni bilmaysan: kinodan ko‘pi bormi? Lekin bir tavsiya bo‘lsayu, unga ishonib, tomoshani boshlasang. “Gazeta.uz” mushtariylarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishiga ko‘maklashish niyatida “Nima ko‘ramiz?” loyihasini davom ettiradi. Kino ijodkorlari, ssenariynavislar, yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, jamoat faollaridan har hafta “Nima ko‘ramiz?” degan savolga javob olamiz. Maqsad — kinoning yaxshisini ko‘raylik, vaqtimiz behuda ketmasin.

“Nima ko‘ramiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — bloger, “Susambil” loyihasi muallifi Nodir Nishonov.

So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan film va seriallardan tavsiyalar

So‘nggi vaqtlarda to‘liq metrajli filmlarga emas, seriallarga ko‘proq qiziqyapman va ko‘proq serial tomosha qilishga odatlanganman. Buning bir qancha sabablari bor. Uzoq 2008-yili asli Toshkentda tug‘ilgan, hozirda Gollivudning katta rejissyorlardan biri hisoblangan, hatto “Taxtlar o‘yini” kabi olamshumul serialning pilot qismlarini suratga olgan va boshqa ko‘plab seriallarning ijodkori sanalgan Alik Saxarovning intervyusida bir qiziq fikrga ko‘zim tushgan edi. O‘shanda Saxarov: “Kun kelib badiiy filmlar kinematografiyani tark etadi va badiiylik seriallar ko‘rinishida saqlanib qoladi”, degandi. To‘g‘risi, rejissyor bu gapi bilan aynan nimani nazarda tutganini o‘shanda yaxshi tushunmagan edim.

Lekin oradan yillar o‘tib, bu narsani amalda ko‘ryapmiz: to‘liq metrajli filmlar, harqalay mening nazarimda, qandaydir bir xil qolipga tushib qolgandek, ma’lum bir syujet doirasidan chiqib keta olmayotgandek. Albatta, bu mualliflik filmlariga yoki daho rejissyorlarning ishlariga taalluqli emas. Lekin aksar ommabop filmlar aynan bir qolipga tushib qolgandek. Seriallarda esa, aksincha, bunday holat yo‘q: seriallar tomoshabinni hayron qoldirish, unga estetik zavq bag‘ishlash, qandaydir sarguzashtlar sari chorlash quvvatini o‘zida yaxshi saqlab qola olyapti. Shu bois bo‘lsa kerak, bugun seriallarga qiziqish, talab ko‘proq (to‘g‘ri, bunda pandemiyaning ta’sirini ham inobatga olish kerak).

Quyida “So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan filmlar va seriallar” qismida keltirilayotgan loyihalarning ba’zilari yangi bo‘lmasligi mumkin, lekin so‘nggi paytlarda ko‘rganlarim ichida aynan tavsiya qilishni joiz deb topganlarimni sanab o‘tishga harakat qildim. Ular har xil mazmundagi, turfa gradatsiyadagi loyihalar, bari bir-biridan qiziqarli. O‘zim gik bo‘lganim, gik-madaniyatga qiziqqanligim tufayli, tabiiyki, ko‘proq ilmiy-fantastik va fentezi janridagi film va seriallarni, qolaversa, tarixga bo‘lgan muhabbatim tufayli hujjatli filmlarni ham tavsiya etishga harakat qildim.

Fikrimcha, bu film va seriallar tomoshabinlarni nafaqat o‘ylantiradi, shu bilan birga syujetlaridagi ajoyib sarguzashtlar sharofati bilan ularga umuman boshqacha olamlarga sayohat qilish imkoniyatini ham beradi. Zotan biz film va seriallarni aynan shuning uchun — kundalik turmush tashvishlaridan ma’lum bir vaqtga bo‘lsa-da uzilib, boshqa insonlar hayotini kuzatish, boshqa olamlarga sayohat qilish uchun ko‘ramiz.

“Fors tili darslari”

Persian Lessons”, 2020

Nazarimda, bu film haqida internetning o‘zbek segmentida ko‘p bahs-munozaralar bo‘ldi. Taqdir taqozosi bilan men uni nisbatan kech ko‘rdim. Ochig‘i, filmning ruhiyati, undagi ma’no-mazmundan lol qolmaslik ilojsiz. Men bu filmga dastlab nomidan qiziqib qolgandim. Qolaversa, Instagram va Tiktok’da aynan shu filmdan olingan lavhalarni ko‘rib, qiziqishim ortgandi.

1942-yili natsistlar konslageriga olib kelingan Jil Kremening taqdiridan hikoya qiluvchi film o‘z mohiyati bo‘yicha “Shindler ro‘yxati"ni yodga soladi. Unda urush va uning dahshatlari, ushbu dahshatlar dengizidagi oddiy insonning hayot uchun kurashi, bu kurash yo‘lida nimalarga qodirligi kabi muhim masalalar o‘rtaga tashlanadi. Uni shunchaki ko‘rish kerak. Tomoshabinning vaqtiga arziydigan kartinalardan.

“Usmonli saltanatining yuksalishi”

“Rise of Empires: Ottoman”, 2020−2022

Turk xalqining o‘z tarixiga bo‘lgan muhabbati hatto G‘arb strimingida ham o‘z ifodasini topdi — doku-drama (“hujjatli drama”) janridagi ushbu loyiha Netflix’ning Turkiyadagi shu’basi tomonidan suratga olingan. Avvalo mahalliy — Turkiya bozori uchun mo‘ljallangan loyiha bo‘lishiga qaramay, jahon miqyosida ham katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olindi. Ikkinchi blogerlik faoliyatim tarix bilan ham bog‘liq bo‘lgani bois hujjatli serialni mazza qilib tomosha qildim.

Loyiha ikki mavsumdan iborat. Birinchisi — Usmonli turklarning buyuk hukmdori Fotih Sulton Mehmetning bolalik yillari va Istanbulning u tomonidan fath etilishiga bag‘ishlangan. Ikkinchi mavsumi esa Fotih Sulton Mehmet va mashhur Drakula obrazining real tarixdagi prototipi Vlad Sepesh o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida.

Nazarimda, hozir tomoshabinlar orasida ham tarixga qiziqish juda katta. Bu hujjatli filmlarning ajoyib tomoni shundaki, uning badiiy — aktyorlar rol o‘ynagan o‘rinlari ham mukammal, nufuzli tarixchilarning chiqishlari, (ular orasida mashhur Ilber O‘rtaylini ham uchratish mumkin), tarixiy voqealarni ta’riflab berishi filmni yanada rang-barang va qiziqarli qilgan.

“Qum odam”

“Sandman”, 2022 — …

Ushbu serial eng yaxshi ko‘rgan yozuvchilarimdan biri, amerikalik adib Nil Geymanning komiksi asosida Netflix tomonidan suratga olingan. Geymanning “Amerika tangrilari”, “Qum odam” va fentezi janridagi boshqa ko‘plab asarlarini sevib o‘qiganman, shu jihatdan mashhur “Qum odam” komiksini ekranda ko‘rish chindan ham qiziqarli.

Serial nima haqida? Unda inson hayotidagi eng sirli, eng mavhum jarayonlardan biri — tushlarning falsafiy mohiyati fentezi unsurlari orqali juda chiroyli ko‘rsatib berilgan. Tushlar nima? Ularni kim boshqaradi? Adib shu kabi savollarga xayoliy ham sehrli javoblar berib uringan. Juda ham chiroyli kompyuter grafikasi, vizual yechimlar, aktyorlarning qoyilmaqom ijrosi, qolaversa, rassomlarga xos qandaydir abstrakt yechimlar haqiqatan ham ko‘zni quvontiradi.

Oqshom soatlarida sehrli olamga yo‘l olishni istaganlar uchun ajoyib tanlov deb o‘ylayman — undagi ma’no, mohiyat, nazarimda, tomoshabinni o‘ziga rom etadi. Darvoqe, serialning yosh cheklovi — 18+.

“Yigitlar”

“The Boys”, 2019 — …

O‘zbekistonda ham “Yigitlar” nomi bilan mashhurlikka erishgan bu serialni tavsiya qilishga, ochig‘i, boshida ikkilandim. Bu serial ko‘pdan beri muhokama qilinadi, shunga qaramay men uni juda kech ko‘rdim va, alohida ta’kidlash joizki, u ko‘ngli bo‘shlar uchun emas (bu serial ham 18 yoshdan kattalar uchun). Unda XXI asrga xos va mos muhim mavzular, masalalar: xalqaro terrorizm muammosi, ommaviy axborot vositalarining insonlarga, ularning tafakkuriga, dunyoqarashiga ta’siri, hamma narsaning ortida aslida boshqa bir mohiyat yashirilgani kabilar ko‘tarilgan. Hatto ekologiya mavzusiga ham ushbu jirkanchdek ko‘rinadigan serialda joy topilgan.

Serialda biz adolat peshvosi, mamlakatlardagi tinchlikni ta’minlab beruvchi sifatida ko‘rishga odatlanib qolgan ideal super-qahramonlar aslida taltayib ketgan, jirkanch, adolatni shunchaki niqob qilib olgan, iflos ishlarga bel bog‘lagan shou-biznes yulduzlariga qiyoslanadi. “Yigitlar"ni oqshom soatlarida dam olish uchnu ko‘riladigan serialar ro‘yxatiga kiritish biroz noo‘rin, lekin qog‘ozga o‘ralmagan ochiq-oydin haqiqatlarga toqatli, yaxshi ekshn, yaxshi drama elementlarini xush ko‘radigan tomoshabinlarga, nazarimda, bu serial juda ham yoqadi.

“Uzuklar hukmdori: Qudrat uzuklari”

“The Lord of the Rings: The Rings of Power”, 2022 — …

Mashhur yozuvchi Jon Tolkinning “Uzuklar hukmdori” roman-epopeyasi asosida suratga olingan original film-trilogiyaga prikvel hisoblangan va uzoq yillardan beri kutilgan “Qudrat uzuklari” seriali qizg‘in muhokamalarga, ko‘plab shov-shuv va janjallarga sabab bo‘ldi. Qora tanli elflar, ba’zi o‘rinlarda adabiy elementlarga hurmatsizlik, 2000-yillar boshida Piter Jekson tomonidan suratga olingan trilogiya effektini o‘rinsiz kutish ortidan serialga ko‘plab tanqid toshlari otildi.

Lekin men bu fikrlarga, tanqidlarga qo‘shilmagan bo‘lardim. Men bu serialni yaqinda ko‘rdim, yana qayta-qayta ko‘ryapman. Chunki o‘zim tolkinistman, Tolkin ijodini havaskorlik darajasida o‘rganaman. Qolaversa, Tolkin kitoblarini kolleksiya qilaman. Shunday ekan, bu men uchun shunchaki serial yoki shunchaki loyiha emas. Ayni vaqtda, Tolkinning adabiy merosini ekranga ko‘chirish doimo qaltis va ayni vaqtda qiziqarli masala bo‘lgan, deb hisoblayman.

Hozir 2000-yillar boshi emas, biz hozir umuman boshqa davrda, kontent iste’mol qilish demografiyasi o‘zgargan bir zamonda yashayapmiz. Avval faqat ma’lum bir bozor uchun mo‘ljallangan lokal loyihalar, seriallar bugungi kunda dunyo shartlariga moslashishga harakat qilyapti, shu sababli ham biz ekranda qora tanli yoki sochi kalta elflarni, zamon talablariga mos boshqa siymolarni ko‘ryapmiz. Nazarimda, 2022 yo 2023-yilda ekranga chiqayotgan loyihalarda 2000-yillar boshidagi effektni kutish umuman noo‘rin.

“Uzuklar hukmdori: Qudrat uzuklari” serialini original “Uzuklar hukmdori” filmlarining barcha muxlislariga tavsiya qilaman. O‘rtayer yoki O‘rta Dunyo tuproqlari bo‘ylab sayohat qilish, sehrli mavjudotlar bilan uchrashish, qadimgi elflar, gnomlar va O‘rta Dunyoning boshqa xalqlari madaniyatiga sho‘ng‘ishni, umuman, O‘rta Dunyo tarixini ekranlarda ko‘rishni istagan tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan sehrli serial bu.

Ehtimol syujet yoki aktyorlar ijrosi ba’zi tomoshabinlarni, yumshoq qilib aytganda, xushnud etmas. Lekin vizual grafikadan, dekoratsiyalardan lol qolishingiz 100 foiz kafolatlangan.

Hamma ko‘rishi tavsiya etiladigan film va seriallar