Endilikda O‘zbekistonda yoqilg‘i-energiya sohasidagi huquqbuzarliklarni foto va videoga olib, xabar berganlar pul bilan mukofotlanadi. Bu bo‘yicha 24-may kuni “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-77-son] qabul qilindi. Adliya vazirligi buning tartibini tushuntirdi.

Farmonga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari to‘liq joriy etiladi.

1-sentabrdan aholi elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni Energetika vazirligining internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborishi mumkin bo‘ladi.

Vazirlik buni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Suratlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash vazirlikning hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Rasmni yuborgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydi. Qonun buzilishi aniqlanganda, prokuratura organlari davlat organlari va mansabdor shaxslarga talabnoma kiritadi.

Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya faoliyatida “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024-yil 1-martgacha (Qashqadaryo viloyatida), to‘liq versiyasi esa 2024-yil 1-oktabrgacha joriy etiladi.