Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil 26-may

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni atigi ikki sahifa chiqqan. Gazetaning to‘rtdan birini SSSR rahbariyatining bahorgi shudgor va g‘alla yig‘im-terimini uyushtirish haqidagi qarori band qilgan. Yana chorak qismi — paxta dalalaridagi chopiq ishlariga, chorakdan kamroq qismi zayom sotish kampaniyasiga, taxminan shuncha sahifa xorij xabarlariga ajratilgan. Darvoqe, xorijda nima gap o‘zi? Kompartiya qo‘llovidagi matbuot sovet jamoatchiligiga Germaniyadagi kommunistlar fashistlar tomonidan terror qilinayotgani haqidagi xabarlarni qiziq deb hisoblagan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni

Gazeta materiallari orasida “Komxozlar o‘z ishlarini qaytadan tuzsinlar” sarlavhali kichik maqola bugungi kun o‘quvchisiga alohida qiziq bo‘lishi mumkin. Unda Toshkentni chiqindilardan tozalash ishlari ayanchli ahvolda ekani, ayrim parklardagi manzaralar achinarli ekani, shuningdek, suv ta’minotidagi muammolar ko‘rsatib o‘tilgan: “Shaharning ba’zi joylarida suvlar trubadan o‘ta olmasdan qolib, ko‘chalar toshib chiqsalar, ba’zi joylarda ko‘chalardagi iflos suvlar trubalar ichiga kiradilar. Bu ahvol shahar ishchi-mehnatkashlarini sog‘lomlashtirish ishiga juda qattiq zarba beradilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni

Shu maqola ostida berilgan “Xronika”dagi bir axborot ham e’tiborga molik: “Toshkent bog‘-park trestining qo‘lida rayon mahalliy xo‘jalik sektorlarining topshiruviga muvofiq Zangiota va Qibraydan keltirilgan 17 ming 572 dona daraxt ko‘chati o‘tqazilmasdan qurib yotadi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni

Asosiy mavzularga — chopiqqa qaytaylik. Chopiq ko‘ngildagidek emasmi, u holda shu bahona nafaqat aybdorlarni jazolashga, balki “yot unsurlar”ni haydashga ulgurib qolish kerak. “Kolxozga — qattiq intizom” materialidagi tafsilot shunday yondashuvdan darak beradi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 26-may soni

“Yig‘ilish kolxozga oralab qolgan sinfiy yotlardan Sa’di Mirzayev, Yomon To‘rayev va Omon Yomonovni kolxozdan haydashga qaror qildi. 4-brigadadagi Rajab Usmonov ham 15 kun sababsiz ishga chiqmagani uchun kolxozdan haydaldi. Zamon Berdiyorov yolqovlik qilib, o‘zining bir kunlik ish normasini [bir necha] kunda ham to‘ldira olmagani uchun 5 mehnat kuni qirqildi va bundan keyin yalqovlik qilmasligi haqida so‘zi olindi. Bozor Jumaboyev, Po‘lat Nizomov va Ernazar Zaripov ham dangasalik bilan ish ko‘rib kelganliklaridan „hayfsan“ oldilar”.

1963-yil 26-may

Markaziy gazetalarning yarmi yana Kuba yetakchisi Fidel Kastroning Sovet Ittifoqiga safari tafsilotlari haqidagi axborot, bayonot, xabarlarga bag‘ishlangan. “Qizil O‘zbekiston”ning 1963-yil 26-may sonida e’lon qilingan Sovet-Kuba qo‘shma bayonotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Fidel Kastroning SSSRga tashrifi 1963-yil 27-apreldan beri davom etmoqda (shu vaqt ichida u Toshkent va Samarqandda ham mehmon bo‘lib ketgan). 24-may kuni u sovet davlati rahbari Nikita Xrushchyov bilan birga dam olgani Sochiga kelgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni

Kuba bilan bordi-keldilar bir tomonlama emas: gazetaning boshqa bir sahifasida “O‘zbek mutaxassislari Kubaga jo‘nab ketdilar” sarlavhali xabar berilgan. Ta’kidlanishicha, Ozodlik oroli tomon teploxodda yo‘lga chiqqan o‘zbekistonlik mexanizatorlar, zootexniklar, agronomlar, ekonomistlardan iborat bu delegatsiya Kuba dehqonlariga, jumladan, sholi yetishtirishning progressiv metodlarini va traktor haydashni o‘rgatadi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni

Gazetadagi boshqa katta materiallarning sarlavhalari da’vat va ogohlantirishlarga o‘xshaydi. “Mashina terimiga shu kunlardan tayyorlanaylik!” sarlavhasi ostida Sirdaryo ishlab chiqarish boshqarmasidagi “Leningrad” kolxozi paxtakorlarining murojaati e’lon qilingan. “1963-yilda kolxozimiz dalalaridan 4200 tonna paxta yoki jami hosilning 82 protsenti mashinalarda terib olinadi”, — deyiladi bu murojaatda.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni

Boshqa bir murojaatnamo maqolaning sarlavhasi esa bunday: “Yem-xashak to‘g‘risida hozirdan g‘amxo‘rlik qilaylik”. Unda bildirilgan fikrlar va takliflar O‘zbekiston rahbariyatiga juda ma’qul kelganidan respublikadagi barcha viloyat gazetalariga va ishlab chiqarish boshqarmalarining gazetalariga uni ko‘chirib bosish haqida topshiriq berilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni

“Qizil O‘zbekiston reydi” rukni ostida “Vaqt g‘animat, uni qo‘ldan bermang!” sarlavhali material berilgan. Bu materialdan may oyida tabiiy ofatlar bo‘lishi doimiy holat ekani anglashiladi: “Tabiat ba’zan injiqlik qilib, dehqonlarni ranjitmoqda. Masalan, Pop ishlab chiqarish boshqarmasidagi qator xo‘jaliklarda katta-katta maydonlarda barq urib turgan g‘o‘zalarni sel yalab ketdi. 5223 gektar yerga qayta chigit ekdilar… Juda ko‘p brigadalarning g‘o‘zalari jaladan qattiq zararlangan bo‘lsa-da, parvarish kuchaytirilganligi tufayli shonaga kirib qoldi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 26-may soni

1963-yil 26-may

Respublika gazetalarining 1993-yil 26-may sonida Hindiston bosh vaziri Narasimxa Raoning O‘zbekistonga tashrifi yakunlariga bag‘ishlab Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumani tafsilotlari berilgan. Unda prezident Islom Karimov muxbirlarning Tojikistondagi vaziyatga doir savollariga ham javob bergan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni

“Biz Tojikistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga hissa qo‘shganligimizdan behad mamnunmiz. Tojikiston chegaralarini mustahkamlash, uning xalqiga moddiy va ma’naviy yordam berishga birinchilardan bo‘lib kirishdik. Afg‘onistonga majburan olib ketilgan Tojikiston fuqarolarini o‘z yurtiga qaytarishga BMT bilan hamkorlikda harakat qilmoqdamiz. Kuni kecha ularning birinchi guruhi Termizga yetib keldi. Biz islom dini va uning ma’naviy qadriyatlarini nihoyatda qadrlaymiz, ammo islom aqidaparastligiga ham, kommunistik aqidaparastlikka ham mutlaqo qarshimiz”, — deb ta’kidlagan prezident Karimov.

Gazetalarning shu kungi sonida O‘zbekiston prezidenti 25-may kuni BMT bosh kotibining Tojikistondagi shaxsiy vakili Ismat Kitaniyni qabul qilgani haqidagi axborot ham bor. “BMT vakili mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida O‘zbekiston rahbariyati yuritayotgan siyosatga, urush va tabiiy ofatdan katta talafot ko‘rgan Tojikiston aholisiga o‘zbek xalqi ko‘rsatayotgan yordamga yuqori baho berdi”, — deyiladi gazetalarda bosilgan O‘zA axborotida.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may sonida “Termiz-Hayraton” ko‘prigi orqali Afg‘onistondan o‘z yurtiga qayta boshlagan tojikistonliklar haqida reportaj berilgan. Unda qochoqlarning biri, 68 yoshli Toyir bobo Olimov tilidan shunday so‘zlar keltiriladi: “Biz o‘sha yoqlarda turib hamma gapni eshitib turdik. Davlatimiz bizni qaytarib olmoqchi ekanligini ham, Islom Karimovning yozgan xatlarini ham eshitdik! O‘zbek xalqiga ming rahmat! Islom Karimovga ming rahmat!”. Reportajda Afg‘onistondagi o‘zbeklar yetakchisi Abdurashid Do‘stum haqida ham iliq fikrlar bildirilgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni

Aprel va may — bahorning toshqinli oylari. “Bir haftadirki, farg‘onaliklar tabiiy ofat oqibatlari bilan kurashib, uni bartaraf etish yashayaptilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, — deb boshlanadi “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingan “Dehqon kulfatda qolmaydi” materialida. Viloyatda kuchli yog‘ingarchilik, sellardan keyingi ahvol nisbatan og‘ir, shu bois u yerga parlament rahbari Shavkat Yo‘ldoshevning o‘zi vaziyat bilan tanishgani, aholi holidan xabar olgani borgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni

“Quva tumanining Obidov nomli jamoa xo‘jaligidagi seldan qattiq zarar ko‘rgan Jumaboy To‘ychiyev xonadonida amaliy suhbat bo‘lib o‘tdi. Xonadonga qarashli barcha uylar vayron bo‘lgan edi. Hozir ularning o‘rnida yangi bino qad ko‘taryapti. Xonadon sohibi bunday g‘amxo‘rlik uchun respublika rahbariyatiga, prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorchilik bildirdi. Suhbatda qatnashganlar tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan har bir xonadonga bir qop un, 10 kilogramm guruch, paxta moyi va boshqa kundalik ehtiyoj mollari bepul yetkazib berilganligini alohida ta’kidladi. Shavkat Yo‘ldoshev tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan har bir xo‘jalik shaxsan prezidentimiz nazoratida ekanligini, ular hech qachon kulfatda qolmasliklarini ta’kidlab o‘tdi”, — deyiladi gazeta materialida.

Yana nima gap? Navoiy viloyatining Navbahor tumanida “Gigant” davlat xo‘jaligida toshbaqa “yetishtirilmoqda”. Ishni 20 ta jonivor bilan boshlagan xo‘jalikda hozir 5 mingga yaqin toshbaqa bor, shuning 2 mingtasini eksport qilishmoqchi. “Toshbaqa boqish ancha serdaromad sohaga aylanishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda”, — deb ta’kidlanadi mazkur kichik xabarda.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 26-may soni