2023-yilda dunyoda ekologik toza texnologiyalarga kiritiladigan investitsiyalar 1,7 trln dollargacha oshadi. Xalqaro energetika agentligi (XEA) prognozida bu haqda so‘z boradi. Gap qayta tiklanadigan energiya manbalari, elektromobillar, atom energiyasi, kam emissiyali yoqilg‘ilar va boshqa “yashil” texnologiyalar haqida bormoqda.

An’anaviy energetikaga — ko‘mir, gaz va neftga investitsiyalar 1 trln dollardan sal ko‘proqni tashkil qiladi. XEA prognoziga ko‘ra, energetika sohasiga investitsiyalarning umumiy hajmi joriy yilda 2,8 trln dollarni tashkil etadi.

“Qazib olinuvchi yoqilg‘ilarga sarmoya qilingan har bir dollarga hozirda toza energiyaga 1,7 dollar to‘g‘ri kelmoqda. Besh yil oldin bu ko‘rsatkich birga bir nisbatda edi. E’tiborga molik misollardan biri quyosh energetikasiga sarmoya kiritish bo‘lib, u ilk bor neft qazib olishga kiritilayotgan investitsiyalardan oshadi”, dedi XEA ijrochi direktori Fatix Birol.

Agentlik 2023-yilda quyosh energiyasi ishlab chiqarishga 380 mlrd dollar sarmoya kiritilishini kutmoqda.

XEAning qayd etishicha, so‘nggi yillarda yashil energiyaga sarmoya kiritishni bir qator omillar, xususan, AQSh, Yevropa, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda sektorni siyosiy qo‘llab-quvvatlashning kuchayishi, shuningdek, ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida qazib olinadigan yoqilg‘i narxlarining o‘zgaruvchanligi rag‘batlantirmoqda.

2021-yildan beri toza energiyaga investitsiyalar o‘sishining 90 foizdan ortig‘i rivojlangan iqtisodiyotlar va Xitoyga to‘g‘ri keldi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda qayta tiklanadigan energiyaga investitsiyalar yuqori foiz stavkalari, noaniq siyosat asoslari, zaif tarmoq infratuzilma, kommunal xizmatlardagi moliyaviy qiyinchiliklar va kapitalning yuqori narxi bilan cheklanmoqda.