Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil 25-may

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining bundan 90 yil avvalgi sonida e’lon qilingan bosh maqola sarlavhasi shunday: “Ko‘zbo‘yamachilikka uzil-kesil xotima berilsin”. Bunda paxta ekish davridagi ko‘zbo‘yamachiliklar haqida so‘z boradi. Maqolada, jumladan, shunday deyiladi: “Ko‘zbo‘yamachilik biz uchun juda qimmatga tushadi. Ko‘zbo‘yamachilik — bizning paxta uchun kurashimizga katta zarba beradi. Har xil yolg‘on raportlar va svodkalar bilan partiyani va hukumatni aldovchi ko‘zbo‘yamachilar paxta uchun kurashni bo‘shashib ketishiga, o‘rinsiz xotirjamlik kayfiyatining paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha

Gazetaning bu sonidagi asosiy mavzulardan yana biri — xotin-qizlarni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilishga doir. Komil Aliyev va Hasan Izzatiyning Molotov (hozirgi Uchko‘prik) tumani kolxozchi xotin-qizlar slyotidan tayyorlangan “Ayollar mehnatiga e’tiborsizlik — chopiqni orqaga siltashdir” reportajida bir kolxozchi xotinning tilidan shunday iqtibos keltiriladi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha

“Rayondagi 150 kolxozdan 40 tasidagina bolalar yaslisi va bog‘chasi ochilgan, xolos. Bu hol xotin-qizlarning yoppasiga chopiq, o‘toq va umuman dala ishlariga qatnashuviga xalal bo‘lib tushayotir… Ikkinchi tomondan, ochilgan yasli va bog‘chalarning ahvoli juda yomon. Ta’minot idoralari bunga qaramaydilar. Yaslilar iflos saqlanadi, ular ustidan rahbarlik yo‘q”.

Narpay tumanidagi “Qizil Narpay” gazetasining bosmaxonasi ishchisi Mamadov nomidan e’lon qilingan xabar e’tiborga molik: “Bosmaxona mudiri Antonovning doim ichkilik ichib, 36 kun ishga kelmaganligi va bosmaxonaga tegishli bo‘lgan 1000 so‘m aqchani barbod etkani uchun ishdan haylab, qonuniy chora ko‘rish uchun jinoiy ishi rayon prokuroriga o‘tkazilgan edi. Lekin prokurorlikdagi ayrim shaxslar, oylab vatq o‘tsa ham, aybdorni javobgarlikka tortgani yo‘q. Progulchi va jinoyatchining ishini papka ichiga solib, dimlab qo‘yish — unga murosachilik ko‘rsatishning ayni o‘zidir. Bu yaramas holga qarshi rayon partiya tashkilotlarining keskin kurash ochishini kutamiz”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha

1933-yilda odamlar nimalar ko‘rishgan? Masalan, Mirmuhsin nomli yozgi teatrda 26−27-may kunlari “qosimovchilik ishi”ga bag‘ishlangan “Tarix tilga kirdi” degan spektakl namoyishi rejalashtirilgan. “Sverdlov” teatrida “Krechinskiyning to‘yi”, “Halima” kabi spektakllarni tomosha qilish mumkin. Kinoda esa “Gigantlar kurashi”, “Zorroning o‘g‘li” kabi 1920-yillarning filmlari bilan bir qatorda “Gorizont” nomli 1933-yil kartinalarini ham ko‘rish mumkin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha

Darvoqe, yana bir muhim mavzu e’tibordan chetda qolibdi — pilla. “Pillani mo‘l olaylik” degan umumiy sarlavha ostida pilla tayyorlash jarayoni haqidagi xabar va materiallar berilgan. Ularning birida “ba’zi rayonlarda ipak qurti orasida sariqcha kasali paydo bo‘lib, qurtlarni o‘ldirayotgani” ta’kidlanadi. “Bu kasalga qarshi rayon ipak idoralari jiddiy kurashmasdan, parvosizlik qilayotirlar. O‘zbekiston ipak idorasi bu kasal bilan kurash uchun bitta mutaxassisni Qo‘qon atrofiga yuborish bilan xotirjam bo‘lib turmoqda”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 25-may sonidan lavha

1963-yil 25-may

Respublika gazetalarining 1963-yil 25-may soni shu kungacha SSSRda tashrif bilan bo‘lib turgan Kuba yetakchisi Fidel Kastro ishtirokida Moskvada o‘tkazilgan tadbirlar tafsilotlari bilan to‘la. Xususan, o‘zi to‘rt sahifa chiqadigan “Qizil O‘zbekiston”ning uch yarim beti Sovet Ittifoqi va Kuba rahbariyatlarining uchrashuvlari haqidagi materiallar, ularning nutqlari bilan to‘ldirilgan.

Bu materiallar orasida Fidel Kastroga Sovet Ittifoqi qahramoni unvonini berish to‘g‘risidagi SSSR parlamenti farmonidan ko‘chirma ham bor. Sahifalarni asosan SSSR rahbari Nikita Xrushchyov va Kuba yetakchisi Fidel Kastroning nutqlari egallagan. Kastro o‘z nutqida AQShning Kubaga qarshi qaratilgan iqtisodiy agressiyasi birinchi galda amerikaliklarning o‘ziga qimmatga tushayotganini ta’kidlagan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 25-may sonidan lavha

“Amerika xalqi bizning tamakimiz singari mahsulotlardan mahrum qilib qo‘yilgan. Bizning tamakimiz sifatiga teng keladigan tamakini jahon bozoridan topib bo‘lmaydi. Jahon bozorida qandning narxi juda oshib ketganligi sababli Amerika xalqi qand sotib olmoq uchun bu yil bir milliard dollarga yaqin oshiqcha haq to‘lashga majbur bo‘ladi. AQSh Kuba qandiga qarshi nayranglar ishlatganligi jahon bozorida qand narxining mana shunday oshib ketishiga ko‘p jihatdan sabab bo‘ldi. Amerika xalqining o‘zi aqlga sig‘maydigan bunday siyosatning qurboni bo‘lmoqda”, — degan Kastro.

Gazetaning faqat 4-sahifasi “yerto‘lasi”dagina O‘zbekistonga oid materiallarga joy topilgan. U ham bo‘lsa pilla haqida. Masalan, Buxoro viloyati pillakorlari davlat planini muddatidan ilgari — 24-mayda bajargani haqida viloyat rahbari Matchonovning axboroti berilgan. Andijon tumani pillachilari ham plandagi 482 tonna o‘rniga 485, Pop tumanidagilar esa 248 tonna o‘rniga 257 tonna pilla topshirgani ma’lum qilingan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 25-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 25-may sonidan lavha

1963-yili odamlar ekran orqali nimalarni tomosha qilishgan? Kunduzi — teatr va kino, televizor esa — 18:00 dan. Kinoteatrlar ham ko‘p, taklif etilayotgan kinokartinalar xilma-xilligi ham alohida e’tiborga molik.

1993-yil 25-may

Barcha markaziy gazetalarning muqovalari O‘zbekistonga kelgan Hindiston bosh vaziri Narasimxa Raoning tashrifi tafsilotlariga, hindistonlik mehmonlarning intervyulariga ajratilgan. Bundan boshqa yana qaysi mavzu dolzarb? Toshqinlarga sabab bo‘layotgan yog‘ingarchiliklar, albatta. “O‘zgidromet” boshlig‘i Raisa Shodiyevaning “Toshkent oqshomi”ga ma’lum qilishicha, may oyi davomida Toshkentda va boshqa bir qator viloyatlarda yog‘ingarchiliklarning bir-ikki oylik, ayrim joylarda hatto uch oylik miqdorigacha yog‘gan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha

Buning oqibatida tabiiy ofatlar kelib chiqqan. Masalan, Andijondagi toshqinlar oqibatida Marhamat va Asaka tumanlaridagi xo‘jaliklar ayniqsa ko‘p zarar ko‘rgan; viloyatning talofat ko‘rgan qishloqlari aholisiga respublika zaxirasidan un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqat yuborila boshlagan, har bir oilaga 10 ming so‘mdan pul ajratilgan. Farg‘onaning Quva tumanida 18-may kuni kuzatilgan sel toshqinlari oqibatida 110 ta xonadon suv ostida qolgan, 260 dan ortiq uy tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha

Shayxontohur tumanidagi Bolshevik ko‘chasining nomi Toji Rasulov deb qayta nomlanishi munosabati bilan Toji Rasulovning shu ko‘chada istiqomat qiluvchi farzandlari xonadonida marosim bo‘lib o‘tgan. “Toshkent oqshomi”ning xabar berishicha, unda Shayxontohur tumani hokimi Atham Mirjalilov, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Mirziyoyev, “Yangiobod” mahalla fuqarolari hamda Toji Rasulov tug‘ilib o‘sgan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan mehmonlar ishtirok etgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha

“Toshkent haqiqati” gazetasining 25-may sonida bosilgan xabarga ko‘ra, Chinoz non kominatida ishlab chiqarilayotgan mineral suvga “Shifobaxsh suv” deb nom berilgan. Ta’kidlanishicha, non kombinatida chiqarilgan “shifobaxsh suv xaridorlarga manzur bo‘lmoqda”.

“Toshkent haqiqati” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Toshkent haqiqati” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Dunyo xaritasida yana bir davlat — Eritreya paydo bo‘ldi.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha

Darvoqe, pilla mavzusi yana esdan chiqibdi. “Xalq so‘zi”ning xabar berishicha, Surxondaryoning Angor tumani “O‘zbekistonda birinchi bo‘lib yillik pilla tayyorlash rejasini bajardilar”. “Bu yil pillaga to‘lanadigan haqning behad ziyodaligi xirmon salmog‘ining har qachongidan ham oshishida asosiy omil bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 25-may sonidan lavha