O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. O‘zbekiston 2020-yildan buyon Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston ishtirokidagi ittifoqda kuzatuvchi maqomiga ega hisoblanadi.

Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo‘yicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022-yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

“Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.еоииO‘zbekiston prezidenti bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

“Yevroosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

O‘zbekiston kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama dasturlarda va YeOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi Shimol — Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqamizni Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston” temir yo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O‘zbekiston rahbari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini faol bosishni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlar agrobiznesi vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish takliflarini ilgari surdi.

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida Agrar forumni o‘tkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.