Florida shtati gubernatori Ron Desantis 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda BBC. Siyosatchi AQSh Federal saylov komissiyasiga ariza yuborgan.

“Men Amerikaning buyuk qaytishiga rahbarlik qilish uchun prezidentlikka nomzodimni qo‘yyapman”, — deb yozdi u Twitter`da.

44 yoshli Desantis Respublikachilar partiyasidan vakillik qiladi va sobiq prezident Donald Tramp bilan Respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashadi. Amerika matbuoti Desantisni Trampning asosiy raqibi sifatida ko‘rmoqda.

Ron Desantis haqida nimalar ma’lum?

Siyosatga kirishdan oldin Ron Desantis dengiz flotida yurist bo‘lgan. 2012-yilda u AQSh Kongressi a’zoligiga saylangan, 2018-yilda esa Florida gubernatori bo‘lgan. 2022-yilda Desantis katta farq bilan lavozimga qayta saylangan hamda Respublikachilar partiyasida o‘sib borayotgan yulduz sifatida ko‘rila boshlagan.

Florida gubernatori bo‘lgan davrda siyosatchi shtatda abortlarni cheklab qo‘ydi, aholiga yashirin qurol olib yurishni osonlashtirdi va davlat universitetlarida inklyuziv dasturlarni moliyalashtirishni taqiqladi.

AQShdagi saylovlar

AQShda prezidentlik saylovlari 2024-yil 5-noyabrda bo‘lib o‘tadi. Unda AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va sobiq prezident Donald Tramp ishtirok etadi.

Saylovda AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani, advokat Robert Kennedi va Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli ham o‘z nomzodini ilgari surgan.