25-may kuni O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Air Products kompaniyasi va “O‘zbekneftgazAJ o‘rtasida Air Products kompaniyasi tomonidan 1 milliard dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazni qayta ishlash zavodini rivojlantirish bo‘yicha Investitsiya shartnomasi imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur majmua G‘uzor viloyatida 2021-yilda ochilgan Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi — Uzbekistan GTL tarkibiga kiradi.

Air Products direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasem shartnomani quyidagicha sharhladi: “O‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakat — O‘zbekistonda ushbu strategik hamkorlik orqali biz eng ilg‘or texnologiyalar va bilimlarimizni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu kelishuv yuqori sifatli arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish va o‘sib borayotgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi. Biz ushbu uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlanishini kutmoqdamiz, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlaridan mamnunmiz”.

Marosimda ta’kidlanishicha, Air Products kompaniyasi tajribasidan Uzbekistan GTL zavodida — tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish orqali samaradorlik oshiriladi, mahsulot tannarxi pasaytiriladi va zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi.

Air Products dunyodagi yetakchi gaz ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, bozorda 80 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud. Kompaniyaning asosiy faoliyati atmosfera va texnologik gazlar va turli sanoat tarmoqlari, jumladan, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun tegishli uskunalar ishlab chiqarish hisoblanadi.

Bundan tashqari, Air Products suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab turbomashinalar, membrana tizimlari va kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.