Shu yilning may boshlarida Antikorrupsiya agentligi Qozog‘istonning Ostona shahrida Alisher Navoiyning bronza haykalini o‘rnatish bo‘yicha tender natijalarini noqonuniy deb topib, bekor qilgandi. May oxirlamasdan turib, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qayta tender o‘tkazdi. Unda ilk tender g‘olibi qatnashib, yana yutib chiqdi. Bunga G‘azna Telegram kanali e’tibor qaratdi.

Gap shundaki, 8-may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi buyurtmachiligida “Alisher Navoiyning bronza haykalini yaratish va Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘rnatish xizmati” yuzasidan 1 mlrd 416,0 mln so‘mlik davlat xaridi o‘tkazilgandi.

Unda TIART MCHJ g‘olib deb topilgan. Biroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu tender noqonuniy o‘tkazilganini ma’lum qilib, xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingandi.

Antikorrupsiya agentligining o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu davlat xaridini amalga oshirish jarayonida buyurtmachi tomonidan O‘zbekiston “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablariga amal qilinmagan va boshqa qonunbuzilishi holatlariga ham yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, xaridda ishtirok etgan 3 nafar talabgorning (“TIART” MCHJ, “Biznes Imkon Stroy Service” MCHJ va “Elegant Canteen” MCHJ) hujjatlari xarid komissiyasining raisi va to‘rt nafar a’zolari foydalangan yagona kompyuter (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

Mazkur holatlar bo‘yicha davlat xaridi o‘tkazilgan kunning o‘zida xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.

Shunga qaramasdan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi 22-may kuni ikkinchi bor tender o‘tkazdi. Unda faqat ikki kompaniya — “YATT Allaberganov Ollabergan Davlatyorovich” va “TIART MCHJ” ishtirok etgan. Yakunda esa yana tenderda komissiya raisi bilan bir xil kompyuterdan kirgan “TIART MCHJ” g‘olib deb topildi.

G‘azna`ning yozishicha, “TIART MCHJ”ning bu safargi raqibi Ollobergan Allaberganov Badiiy akademiya qoshidagi Badiiy ijodkorlar uyushmasi xodimi, haykaltarosh hisoblanadi.

Allaberganovga tegishli kompaniya ma’lumotlarini KTYADRdan topishning imkoni bo‘lmadi.

tender, алишер навоий ҳайкали, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, коррупцияга qarshi kurashish agentligi

KTYADRda ma’lumotlariga ko‘ra, “TIART MCHJ”da 100 foizlik ulushga ega Jasvantbek Annazarov Baxramovichning o‘zi rahbarlik qiladi. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — boshqa toifalarga kiritilmagan tayyor metall buyumlarni ishlab chiqarishdan iborat. Ustav kapitali 116 mln so‘mni tashkil qiladi.