Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rinadi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ularni qanday yoritgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — barini “Eski gazetalar sharhi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

1933-yil, 24-may, chorshanba

“Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasining 1933-yil 24-may sonidagi bosh mavzular — paxta va zayom: qayerda g‘o‘za rivoji qanday ketyapti, qaysi hudud mehnatkashlari o‘z oylik maoshlari hisobidan zayom sotib olish bo‘yicha peshqadam yoki qoloq. Undan keyingi o‘rinlarda, masalan, pichan muammosi. “Qishda „pichan yo‘q“ deb shovqin ko‘taruvchilar pichan o‘rish paytida shirin uyquda” degan katta rukn ostida bir necha tanqidiy materiallar berilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha

“Ayrim tashkilotlarning pichan o‘rishdagi kichkina yutuqlarini hisob qilmay, umuman olganda, O‘zbekistonda pichan o‘rish juda ham yomon ahvolda kelayotir. Jumhuriyatning pichan terishga qatnashuvchi tashkilotlari o‘tgan yillardagi saboqlarni bu yil e’tiborga olishni mutlaqo xayollariga keltirmaydilar. Vaholanki, o‘tkan yillarda O‘zbekiston sotsialistik chorvachiligi uchun mustahkam oziq bazasi vujudga keltirishda katta o‘pirilishlar bo‘lgan edi”, — deyiladi Javlon taxallusli muxbirning axborotida.

Gazetaning dastlabki sahifalarida ko‘tarilgan yana bir dolzarb masala qizil choyxonalar ahvoliga doir. 1920−1930-yillarda sovet mulozimlari tomonidan choyxona muhim targ‘ibot va tashviqot (propaganda) muassasasi sifatida ko‘rilgan, ulardan nafaqat dam olish joyi, balki siyosiy va madaniy maydoncha tariqasida foydalanishga harakat qilingan. “Qizil O‘zbekiston”ning “Chinakam sho‘ro qizil choyxonasi uchun kurashaylik” katta sarlavhasi ostida berilgan materiallarda esa bu maqsad ko‘pda ro‘yobga chiqmayotgani tanqid qilingan.

“Farg‘ona rayon maorifi tumshug‘i tagida turgan choyxonalarni namunaviy bir holga keltirishga qiziqmaydi. Natijada markaziy choyxonalar har tomondan surilgan, ishonchsiz o‘g‘ri, bezori va buzuq kishilar qo‘liga o‘tib, choyxonada qimorbozlik, qartabozlik, nasha, chilim chekish, oshkora ravishda ichkilik bazmlarini uyushtirish odat shakliga kirib qoldi. Qishloq va kolxoz choyxonalari esa bundan ham battar ahvolda… Kolxozchilar ishdan choyxonaga kelib, faqat choy ichish bilan qaytib ketadilar. Ularni xursand qilish, gazetaning har turli xabarlarini baland ovoz bilan o‘qib eshittirish va boshqa madaniy-ommaviy ishlar uyushtirilmagan”, — deb yozadi muxbir Jo‘ra Mo‘minov.

Gazetaning shu sonida O‘zbekiston Fuqarolik kodeksiga kiritilgan bir o‘zgartirish haqida qisqacha axborot beriladi. Unga ko‘ra, “Toshkent va Samarqand shaharlarida tartibni saqlash yuzasidan ko‘cha tartibini buzgan shofyorlardan 5 so‘m, grajdanlardan 3 so‘m ishtraf olinur. Boshqa shaharlarda 3 va bir so‘m ishtraf olinir. To‘lashdan bosh tortuvchilar javobgarikka tortilajak”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha

Asosan Toshkentga doir xabarlardan iborat “Xronika”dagi so‘nggi axborot qiziq: “So‘nggi kunlarda Toshkent shahar komxoziga uy-joy topa olmasdan sarson bo‘lib yurgan ishchi-xizmatchilardan ariza beruvchilar juda ko‘paydi. Shahar komxozi ularni uy-joy bilan ta’minlash uchun o‘z tomonidan shoshilinch suratda 5 kishilik komissiya tuzdi. Bu komissiyalar shahardagi kvartiralarni tekshirib chiqib, uylarni qonunsiz ishg‘ol qilgan kishilarni topadilar. Komissiyaning ish muddati 1-iyungacha boradir. Shu vaqt ichida uy-joy uchun qiynalgan o‘rtoqlar butun ta’minlanishi shart”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha

Gazetaning bu sonidagi xabar va maqolalar ichida eng qiziqarlisi, ehtimol, “O‘z yengil avtomobilimiz” sarlavhali materialdir. U Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahridagi “Krasniy Putilovets” zavodida yig‘ilgan “L-1” rusumli avtomobillar haqida. Ularni yig‘ish 1933-yil martida boshlanib, dastlabki oltita mashina 1-may kuni Leningraddagi paradda chiqish qilgan. Maqolada ushbu avtomobil “sho‘ro sanoatining eng katta g‘alabasi” deya ta’riflanadi.

Ammo bugungi kun o‘quvchisi uchun ushbu avtomobilning texnik tafsilotlaridan ko‘ra maqola boshida keltirilgan AQSh va SSSRdagi avtomobillar bilan bog‘liq vaziyatga doir ta’riflar qiziqroq bo‘lsa kerak. Unda shunday gaplarni uchratasiz:

“Amerikada shunchalik avtomobil ko‘p, shunchalik ko‘pki, Amerika ko‘chalari xuddi zavod konveyerlariga o‘xshab ketadi. Faqat biror mashinaning ayrim bo‘laklari o‘rniga unda avtomobillar harakat qiladi. Burjuaziyadagi bunday ziynat va isrofgarchilik bizda yo‘q. Bizda bunchalik „seravtomobilchilik“ ham kerak emas”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1933-yil 24-may sonidan lavha

Qayd etish joiz, maqolada “Ford”lar, “Pakkard”lar, “Fiat”lar va boshqalar bilan “dangal bahslasha olishi” aytilgan “L-1” avtomobillarining umumiy soni 1933-yil 1-may paradida ko‘z-ko‘z qilingan olti donadan oshmagan. Vaholanki, reja bo‘yicha “sho‘ro avtotexnikasining eng so‘nggi yutuqlari”ni o‘zida jamlagan ushbu ulov yiliga kamida 20 ming dona yig‘ilishi kerak edi.

1963-yil, 24-may, juma

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidagi asosiy mavzu — paxta. G‘o‘za qanday yetishtirilishi kerak, qanday yetishtirilyapti, qaysi xo‘jaliklar ilg‘oru namuna, qaysilarida muammolar bor — asosiy maqolalar, xususan, to‘rt sahifalik gazetaning butun 3-sahifasi shu mavzuga bag‘ishlangan. Ular orasida, masalan, Namangan viloyati pilla rejasini bajargani haqidagi xabarchaga joy topilgan:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida qurilgan Karkidon suv ombori (“Karkidon dengizi”) bilan to‘ldirila boshlagani haqida xabar ham g‘o‘za rivoji haqidagi maqolalar orasidan joy olgan — chunki bu inshootning qurilishiga ham paxta sababchi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha

30 yil avval bo‘lganidek, 1963-yilning mayida ham yem-xashak masalasi dolzarb. “Hozir xashak tayyorlashning juda g‘animat payti. O‘tning shirasi qochmagan. Bunday pichanni mollar ishtaha bilan yeydi. O‘t o‘rish qanchalik kechiktirilsa, u issiqda qovjirab, ozuqalik qimmatini shunchalik ko‘p yo‘qotadi. Oqsil moddasi qolmagan hashak mollarning badaniga yuqmaydi. Lekin ko‘pgina joylarda bu hisobga olinmayotir”, — deyiladi “Dala ishlari kundaligi” rukni ostida berilgan materialda:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha

Gazetaning bu sonida berilgan e’tiborga molik materiallardan biri — respublika rahbari Sharof Rashidovning Moskva “Pravda”sining 23-may sonida bosilgan “Do‘stlik tufayli kuchlimiz, baxtiyormiz” maqolasi tarjimasidir. Rashidovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda “O‘zbekiston qiyofasi misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarib ketdi”. “Ilgari hatto mixni ham olis yerlardan keltirib yurgan o‘lkada hozir sanoatning yuzdan ortiq tarmog‘i mavjud bo‘lib, o‘z mahsulotini jahondagi 58 mamlakatga chiqarib turibdi”, — deb yozadi O‘zbekiston rahbari.

Maqolada O‘zbekistonning energetika qudratiga alohida ta’rif beriladi. “Hozir O‘zbekistonda 1913-yildagiga qaraganda 2 060 baravar ko‘p va revolyutsiyadan avvalgi butun Rossiyadagiga qaraganda uch yarim baravar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda… Hozir shahar va qishloqlarni gazlashtirish keng ko‘lamda olib borilmoqda, tez orada esa qo‘shni respublikalar bilan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston gazini ola boshlaydi”, — deb ta’kidlagan Sharof Rashidov.

O‘zbekiston yetakchisining maqolasi faqat iqtisodiyot haqida emas. Unda, jumladan, O‘zbekiston Kompartiyasi “shaxsga sig‘inish oqibatlariga qarshi kurash niqobi ostida jadidizmni, ana shu reaksion kontrrevolyutsion oqimni oqlashga, uning ideologlarini oqlashga uringan kishilarga ham keskin zarba bergani” qayd etib o‘tilgan.

Gazetaning so‘nggi, asosan ko‘ngilochar ma’lumotlardan iborat 4-sahifasida “Yuzinchi farzand” sarlavhali xabar e’tiborga molik. Unda Toshkentning istalgan ishxonasidan Chilonzorning Yangiobod mahallasida yashovchi To‘lagan otaning yo o‘g‘li, yo nevarasi, yo chevarasini topish mumkinligi, yaqinda uning Husnijamol ismli qizi qiz ko‘rgani, bu otaning xonadonidagi 100-farzandi ekani hikoya qilinadi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1963-yil 24-may sonidan lavha

1993-yil, 24-may, dushanba

1990-yillar boshida respublika miqyosidagi gazetalar dushanba kuni chiqmasdi. “Toshkent oqshomi” — ish haftasi boshida poytaxt gazeta do‘konlarida tarqatiladigan kamsonli oqshomgi ro‘znomalardan biri. Uning 1993-yil 24-may sonidagi bosh material — Hindiston bosh vaziri Narasimxa Raoning O‘zbekistonga tashrifiga doir axborot (gazetaning 2-sahifasi butunicha Hindiston haqidagi materiallarga bag‘ishlangan).

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha

Shuningdek, gazeta bosh sahifasidan Toshkent shahar hokimligida Toshkentni 2010-yilgacha rivojlantirish bosh rejasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish haqidagi material ham o‘rin olgan. “Shahar markazidan uzoqligi 5 kilometrcha bo‘lgan aeroportni poytaxt tashqarisiga ko‘chirish masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Uning hal qilinishi uy-joy qurilishi va boshqa maqsadlar uchun qo‘shima yerlarning ajratilishiga imkon yaratibgina qolmay, balki turli noqulayliklarni sezilarli darajada kamaytiradi, aholiga yashash uchun bexavotir sharoitlar yaratadi”, — deyiladi maqolada.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha

“Oqshom”ning 3-sahifasi Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlanadigan “Tabiat va inson” ilovasining 26-chiqishiga ajratilgan. Ushbu ilovada ekologik targ‘ibot tadbirlari, shuningdek, Toshkentdagi ekologik muammolar haqida materiallar berib borilgan. Qo‘mita mas’ul xodimlari Muborak Xonxo‘jayeva va Shukur Hidoyatov tomonidan tayyorlangan “Yaxshi niyat — yorti mol” materialida Toshkent kanallarining ifloslanishi muammolari ko‘tarilgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha

“Ayrim tashkilot, korxonalar tomonidan kanallarning suv muhofaza zonasi hisoblangan joylarda umumiy ovqatlanish, avtomobil saqlanadigan joylar va boshqa inshootlar qurilishi davom etmoqda. Birgina Bo‘zsuv kanalining qirg‘og‘ida Oqtepa maydoni atrofida „Samarqand“ restoranining filiali hamda salqin ichimliklar sotiladigan magazin qurilayotganini ko‘rish mumkin. Oqibatda kanalni ishlatish, uni tozalash va kuzatuv ishlarini olib borish imkoni qolmagan. Chunki kanalga o‘tish uchun yo‘l hamma tomondan berkitib qo‘yilgan”, — deyiladi maqolada.

Gazetaning so‘nggi sahifasida “Toshkent shahar yo‘lovchi transporti” davlat assotsiatsiyasi va “Toshkent” issiqlik tarmoqlari korxonasi tomonidan berilgan ayrim e’lonlar aniqligi bilan e’tiborni tortadi. Birinchi tashkilot bergan e’londa Sag‘bon ko‘chasining bir qismi kanalizatsiya tarmoqlarini o‘tkazish ishlari sabab uch oyga yopilgani, shu bois ayrim avtobus yo‘nalishlari boshqa ko‘chalar bo‘ylab harakatlanishi aytiladi. Ikkinchi e’lon ham taxminan shu mazmunda — unda issiqlik quvurlari yotqizilishi sabab Lisunov ko‘chasi bo‘ylab harakatlanuvchi avtobuslar yo‘nalishi 15-iyungacha o‘zgarishi aytiladi. O‘rni kelsa, bunday tafsilotlarni hozirgi kunda ham barcha tashkilotlar bera olmaydi.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 24-may sonidan lavha