23-may kuni taniqli qilichboz, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, xalqaro toifadagi hakam Aida Xasanova 39 yoshida vafot etdi, deb xabar qilindi federatsiya saytida.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga bergan xabariga ko‘ra, o‘sha kuni u Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida kosmetologik operatsiya qilingan.

Sog‘lig‘i yomonlashgani bois shifokorning qarori bilan kasalxonaga yotqizilgan, biroq kechqurun u reanimatsiyada vafot etgan.

O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ayni paytda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Aida Xasanova 1983-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, 2001−2006-yillarda Markaziy Osiyo chempioni, 2005-yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnir oltin medali sovrindori.

2014-yilda u uch turdagi qurollardan foydalangan holda qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi xalqaro hakam bo‘ldi.

O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) hakami bo‘lib, yirik xalqaro chempionat va turnirlarda ishlagan.

2015-yilda ilk bor jahon va Osiyo chempionatlarining final bosqichida o‘zbekistonlik hakam sifatida ishtirok etdi.

Qilichbozlik rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2017-yildan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga bosh hakam etib tayinlangan. U xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan ko‘plab sportchilarni tarbiyalagan.

2019-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan birinchi hakam etib saylandi. Ushbu o‘yinlarda u Osiyoni himoya qiladigan yagona ayol qilichbozlik hakami edi.

2020-yildan beri FIE hakamlar komissiyasi a’zosi edi.

Aida Xasanova dunyoning qilichbozlik bo‘yicha beshta eng kuchli hakamlaridan biri hisoblangan.