Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

Ushbu hujjat 2021-yil 10-iyun kuni Dushanbe shahrida imzolangan.

Hujjatga muvofiq, fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib o‘tishga, o‘z aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qo‘nish uchun ruxsat berishga haqliligi nazarda tutilgan.

Hujjatning ratifikatsiya qilinishi parvozlar xavfsizligini yanada ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 14-fevralda qabul qilingan hujjat Senat tomonidan 4-may sanasida ma’qullangan va 20-maydan kuchga kirdi.