21-may kuni gullar shahri Namanganda 62-Xalqaro gullar festivali boshlandi. Bunday ko‘rgazmaning birinchisi viloyatda 1961-yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan, shunday qilib, bayram shahar uchun yillik an’anaga aylangan. Festivalning ochilishida “Gazeta.uz” fotomuxbiri Madina A’zam ham ishtirok etdi. Quyida mazkur festivaldan olingan fotosuratlarni namoyish etamiz.

Tadbirni Namangan xalqaro aeroporti maydonidan yo‘lga chiqqan 200 dan ortiq rang-barang gullarga burkangan avtokarvon ochib berdi.

Tadbirning ilk kunida 500 mingdan ortiq mehmon tashrif buyurdi. Festivalga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan (5839 nafar) eng ko‘p mehmon kelganini alohida aytib o‘tish lozim. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalari (283, 149 nafar)dan tashrif buyurgan sayyohlar egallab turibdi. Xorijiy mehmonlarning asosiy qismini qo‘shni Qirg‘iziston, Qozoqiston va Tojikiston fuqarolari tashkil etgan bo‘lsa, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Bangladesh, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlarni ham uchratish mumkin.

Bayram dasturida gullar bilan bog‘liq tadbirlardan tashqari hunarmandchilik namunalari, kitoblar, fotosuratlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi ham o‘rin olgan.

Tanlovli gullar ko‘rgazmasida gulchilar, gul ishlab chiqaruvchilar va landshaft dizayni bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etadi. Ular 100 dan ortiq gul kompozitsiyalarini yaratadi.

gullar festivali

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bog‘ va xiyobonlar, ko‘cha bo‘ylariga 36 million tupdan ziyod gul va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Ular orasida 1,5 mln tup atirgul, 2 mlnga yaqin rayxon va yalpiz bor. Bobur bog‘i, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar bog‘i” tematik parkidagi betakror kompozitsiyalarning har biri o‘ziga hos mavzuga ega manzarasi bilan maftunkor.

Gullar dizaynining o‘ziga xosligi, gul naqshlari, guldastalar va gul kompozitsiyalarining mahorati hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi. G‘oliblar “Afsonalar vodiysi” bog‘ida festival yopilishida e’lon qilinadi.

gullar festivali

gullar festivali

Mazkur festival 21-iyunga qadar davom etadi.