O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslarga xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish xarajatlarini chet el valyutasidagi korporativ bank kartalari yordamida amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 19-maydagi qarorida aks etgan.

Bu norma prezident tomonidan 2022-yilning avgust oyida tasdiqlangan 2022−2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da (PQ-357) nazarda tutilgan edi.

Shu bilan birga, bunday xarajatlarning chegarasi kalendar oyida 5000 dollardan oshmasligi kerak.

To‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron tizimiga kiritilishi kerak. Ular orasida ijtimoiy tarmoq nomi va uni ro‘yxatdan o‘tkazgan davlat, reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniya nomi, to‘lov sanasi va miqdori, xizmat ko‘rsatilishini tasdiqlovchi hujjat raqami ko‘rsatilgan. Agar xorijiy kompaniya ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha hujjatlarni taqdim etmasa, u holda xizmat ko‘rsatish sana oyning oxirgi kuni deb hisoblanadi.

Spot nashrining Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, birgina yilning o‘tgan to‘rt oyida O‘zbekistonda xorijiy internet xizmatlari tomonidan 122,9 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 32,4 mlrd so‘m soliq to‘langan. Ushbu summalarning asosiy qismi reklama sotishdan daromad oladigan Meta, Google va Yandex kompaniyalariga to‘g‘ri keladi.