O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi davomida — 22−26-may kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +32…+35 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +36…+38 darajani tashkil etadi.

Keyinchalik ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat 23−24-may kunlari respublika sharqiy hududlarining eng chekka qismida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston hududi ustida joylashgan antitsiklonning ta’siri hafta o‘rtalarida harorat fonini biroz pasaytiradi. Kunduzgi havo harorati +25…+30 daraja atrofida bo‘ladi. Ish haftasining oxiriga kelib, harorat yana +31…+33 darajagacha ko‘tariladi.

23−24-may kunlari respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda hafta davomida mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar bilan kuchsiz beqarorlik kuzatiladi.

Toshkent shahrida dushanba kuni va haftaning oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat seshanba kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 23−24-may kunlari shamol tezligi 12−14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Xususan, dushanba kuni kunduzi havo harorati +31…+33 daraja bo‘ladi, qolgan kunlarda esa harorat asosan +26…+30 daraja atrofida bo‘ladi.