Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidroelektrostansiyasida modernizatsiya ishlari yakunlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash uchun GES 75 million 400 ming yevro mablag‘ evaziga modernizatsiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. So‘nggi sinov ishlari olib borilayotgan shu kunlarda gidroelektr stansiyasi 64 mVt elektr energiyasi ishlab chiqarib, tarmoqqa uzatmoqda. Bu energiya vohadagi 36 mingdan ortiq xonadonni ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlayapti.

Ta’kidlanishicha, sinov ishlari to‘liq yakunlangach, gidroelektr stansiya to‘la quvvat bilan ishga tushirilib, 175 mVt elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi. Iste’molchilarga yiliga 467 million kVt soat elektr energiyasi uzatib, 126,2 million kub metr tabiiy gazni tejaydi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonning 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida GES faoliyati uchun har birining quvvati 72,5 MVt bo‘lgan 2 ta gidroagregatlar o‘rnatilishi, modernizatsiyadan so‘ng GESning umumiy quvvati 175 MVtga yetkazilishi va ishlar Rossiyaning “Siloviye mashini” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aytilgandi.

2019-yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev To‘palang gidroelektrostansiyasini borib ko‘rgan. Davlat rahbari yangi to‘g‘on va gidroelektr stansiyani ko‘zdan kechirib, buni “tarixiy voqea” deb atagan va kelgusida Surxondaryo gidro energiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta’minlasa bo‘lishini ta’kidlagan.