21-may kuni Andijonda “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi raisi Xidirnazar Allaqulov partiyani ro‘yxatga olish uchun ovoz to‘plash vaqtida kaltaklangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda YouTube`da jonli efir vaqtida ma’lum qilindi.

Yakshanba kuni Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida partiya tashkiliy qo‘mitasi tomonidan partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur imzolarni to‘planadi. Shu vaqtda ularga bir guruh erkak va ayollar murojaat qilib, partiya dasturi haqida savol bera boshlaydi, ularni dolzarb muammolarni hal qilishda g‘oya va maqsadlar yo‘qligida, keyin esa korrupsiya va ovozlarni soxtalashtirishda ayblashadi. Guruhdan bir kishi: “Bizda prezidentimiz yetarli, bizga boshqa hech kim kerak emas”, deya baqiradi.

Efir davomida Xidirnazar Allaqulov bir necha bor o‘z tarafdorlari provokatsiyalarga berilmaslik va o‘rinlaridan turmaslikka chaqirib, butun jarayon tasvirga olinayotganini ta’kidlaydi.

Bir payt ur-to‘palon boshlanib ketadi, kimdir guldon, kimdir stulni ko‘tarib olgan, partiya vakillari o‘tirgan stol ag‘darilib ketgan. Allaqulov ham ur-kaltakning ichida qolib ketadi. Bir erkak esa hodisani tasvirga olayotgan operatorning ortidan quvib, suratga olishni to‘xtatishni talab qiladi.

O‘rtaga huquq-tartibot idoralari xodimlari aralashdi.

Partiya yetakchisi va uning safdoshlari keyinroq prokuratura va Andijon viloyati ichki ishlar bo‘limida bo‘lib, o‘z rahbarlari bilan uchrashishni, olib qo‘yilgan telefonlarni qaytarib berishni talab qiladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ular bilan xushmuomalalik bilan muloqot qilib, ariza yozish yoki uchrashuvga borishni taklif qilishdi, biroq Allaqulov hayajon bilan bu takliflarni rad etdi.

Andijon viloyat IIB Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida jamoat tartibini buzish holati o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Xidirnazar Allaqulov — iqtisod fanlari doktori, professor, Termiz davlat universitetining sobiq rektori (2002−2004). 2020-yil iyun oyida u “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini tuzish jarayoni boshlanganini e’lon qilgan edi. BBC Uzbek tomonidan e’lon qilingan “Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim bilan suhbatda u 2021-yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo‘yish istagini bildirgan.

2021-yil mart oyi o‘rtalarida Allaqulov bir guruh ayollar va blogerlar tomonidan partiya yig‘ilishi to‘xtatilganini e’lon qildi. Keyinroq unga uyi kiraverishida hujum qilingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

2021-yil iyun oyida Adliya vazirligi imzolar yetarli miqdorda bo‘lmagani hamda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilgani sababli “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etdi.

16-aprel kuni “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasining tashkiliy qo‘mitasi tuzildi (uning sayti ham mavjud). Qonunga ko‘ra, Tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy, ya’ni 17-iyulgacha faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. Bu sanagacha partiya 20 mingdan ortiq ovoz to‘plashi, shuningdek, dastur va nizomini ishlab chiqishi kerak.