Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda grant asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarini majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berish talabi bekor bo‘lgani haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Prezidentning 2005-yil 7-iyuldagi qarori bilan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Unda oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati belgilangan.

Davlat rahbarining 2022-yil 15-iyundagi qarori 3-ilovasiga muvofiq prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005-yil 2-iyundagi 92-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblangan. Ammo mazkur qaror ijrosiga ko‘ra ishlab chiqilib, tasdiqlangan kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotmagan.

“Shunga ko‘ra, hozirga qadar nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha qoida biror-bir normativ hujjatda ko‘zda tutilmagan. Bundan ko‘rinadiki, oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi”, — deyiladi vazirlik izohida.

Qayd etilishicha, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi birinchi qismiga ko‘ra “Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim”.