“Gazeta.uz” tarixda nom qoldirgan, ma’naviy-ilmiy merosi bilan kelajakka ta’sir ko‘rsatolgan, siyosat maydonida ovozi, o‘rniga ega ayollar haqida hikoyalarni davom ettiradi. Bu safargi hikoya neyrobiolog olima, Italiya va Amerikadagi ilmiy dargohlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan, nerv o‘sishi omilini kashf etgani uchun Nobel mukofotiga loyiq topilgan professor, Italiyaning umrbod senatori Rita Levi-Montalchini haqida.

Oilada qiz tug‘ilsa, aksar ota-ona uning ilm-fan, jamiyat rivojiga qo‘shadigan hissasidan ko‘ra kimningdir rafiqasi, besh-olti bolaning onasi, ro‘zg‘orni eplaydigan xotin bo‘lishini orzu qiladi. Voyaga yetgunicha qizning ongiga shu “missiya” mazmuni chuqur singdiriladi. Bag‘rikeng, ayol-erkak huquqini har sohada teng tutadigan Yevropada ham bir asr avval otalar qizlarini o‘qitish, olima qilishni tasavvur qilolmasdi. Italiyalik olima, ilmiy tadqiqotlari sabab “umrbod senator” maqomiga erishgan Rita Levi-Montalchini ham shunday otaning qizi edi.

“Otam Adamo Levi elektr muhandisi, onam Adel Montalchini iqtidorli rassom va ajoyib inson edi, — deb yozadi kundaliklarida. — Egizagim Paola ikkimiz 1909-yili oiladagi to‘rt farzandning eng kichigi bo‘lib tug‘ilganmiz. Akam Jino Turin universiteti professori va eng yaxshi italyan me’mori bo‘lib yetishdi, bizdan besh yoshga katta opamiz Anna esa esini taniganidan shved yozuvchisi Selma Lagerlyofning ashaddiy muxlisasi bo‘lib ulg‘aygan. Opamning ishqibozligi menga ham yuqqan bir zamonlar. Yozuvchi bo‘laman derdim. Lekin vaqt ko‘p narsani o‘zgartirdi, maqsadlar boshqa o‘zanga burildi”.

Levi-Montalchini oilasi. Ritaning otasi Adamo Levi (chapda). Akasi Jino, opasi Anna, egizagi Paola va Rita onasi Adel Montalchini (o‘ngda) bilan. Foto: The Nobel PrizeLevi-Montalchini oilasi. Ritaning otasi Adamo Levi (chapda). Akasi Jino, opasi Anna, egizagi Paola va Rita onasi Adel Montalchini (o‘ngda) bilan. Foto: The Nobel Prize

Ziyoli, san’at va ilmni qadrlaydigan, mehr-muhabbatga to‘liq oila bag‘rida Rita ko‘p e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rgani, bolalarcha sho‘xlik-erkaliklariga imkon berilgani, opa-akasi, egizagi Paola bilan g‘am ko‘rmay voyaga yetganini xotiranomalarida eslaydi. “Hayot tarzimiz Viktorian davridagidek edi: jamiki qaror, yakuniy hukmni oila boshi — otam qabul qilar, biz unga itoat etardik. U bizni jonidan ortiq ko‘rar, ayollarga hurmati haddan tashqari baland edi. Ammo professional karera xonimlarga yarashmaydi, ularni onalik va xotinlik vazifalaridan chalg‘itadi, cheklaydi, deb hisoblardi. Shu bois opam Anna, men va Paolani ilm-fanga yaqin yo‘latmaslik, oshno qilmaslik payida bo‘ldi”, deydi kundaligida.

Egizagi Paolaning rassomlikka ishqibozligi tarbiyada qattiqqo‘l otaning cheklovlarini ham pisand qilmadi. U Italiyaning eng oldi ayol rassomi bo‘lishga tirishib, keksalik yillarida ham qo‘lidan mo‘yqalamini qo‘ymaydi. Ritada esa kasb tanlash, kelajakda qaysi sohaning boshini tutish masalasi andak og‘ir kechdi. 20 yoshigacha na san’at, na boshqa ishga qiziqqan qizgina otasi bilan yuzma-yuz gaplashishga, ko‘nglidagini yashirmay, boricha aytishga ahd qiladi: “20 ga to‘lganimda otam o‘ylagan ayollik rolini qoyillatib bajarolmasligimni payqadim, — deydi u. — Undan professional kareramni boshlashga izn so‘radim. Keyin sakkiz oy davomida lotin, yunon tillari va matematikadagi bo‘shliqlarimni to‘ldirishga urindim, yuqori maktabni tamomlagach, Turindagi tibbiyot maktabiga o‘qishga kirdim”.

Ritaning yoshligi. Foto: The Nobel PrizeRitaning yoshligi. Foto: The Nobel Prize

Turindagi bu maktab zamonasining eng ilg‘or bilimlarini o‘rgatishi bilan dong taratgandi. Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olgan Salvador Luriya va Renato Dulbekko ham shu maktab o‘quvchilari hamda Rita xonimning kursdoshlari edi. Uchovi mashhur gistolog Juzeppe Levining qo‘lida tahsil olgan. “Bizga biologiyani chuqur o‘rgatgani, usullari g‘ayrioddiy sanalgan bir zamonda ilmiy muammolarga o‘ta antiqa yo‘llar orqali yechim topishni uqtirgani uchun ham uning oldida qarzdormiz”, degandi xonim.

1936-yili o‘qishni a’lo baho, imtiyozli diplom bilan tugatgan bo‘lg‘usi tadqiqotchi uch yil nevrologiya va psixiatriya mutaxassisligi bo‘yicha bilimini oshiradi. Biroq kelgusida o‘zini tibbiy faoliyatga bag‘ishlashi kerakmi-yo‘qmi yoki baravariga nevrologiyada ilk tadqiqotni boshlash nechog‘lik muhimligini o‘ylab, ikkilanib qoladi. Biroq bu ikkilanish uzoq davom etmaydi.

1938-yili Gitlerga xayrixoh, hammaslak italyan yo‘lboshchisi Mussolinining “Irqiy manifest“i e’lon qilingach, Italiyadagi yahudiylarning fuqarolik huquqi bekor qilinadi, ular boshqa bir qator huquqlardan ham mahrum etiladi. Hademay mamlakatdagi jamiki yahudiy olimlarning ilmiy ish bilan shug‘ullanishi, “oliy irq”qa mansub bo‘lmaganlarning (fashistlar g‘oyasi bo‘yicha, yahudiylar ham “oliy irq” vakillari emasdi) ilm dargohlarida dars berib, tahsil olishini cheklovchi qonunlar chiqariladi. Rita bir muddat Bryusseldagi nevrologiya institutida ishlaydi. Belgiya Germaniya tomonidan bosib olingach, 1940-yil bahorida oilasi bag‘riga — Turinga qaytgan Levi-Montalchini bu yerda ham faoliyatini davom ettirolmasligini tushunadi.

Montalchinilar oldida ikki yo‘l: Amerikaga ko‘chish yoki ko‘mak-madaddan uzilgan yahudiylar orasida amal-taqal jon saqlash turardi. Oila boshi ikkinchisini tanlaydi. Shundan keyin ilmga chanqoq, karerasini endi-endi boshlayotgan Rita tushkunlikka tushmay, yotoqxonasini laboratoriyaga aylantiradi. Bitta mikroskop, ip-igna, yana boshqa uy anjomlari bilan embrionlardagi neyrogenezni o‘rganishga kirishadi (embriolog Viktor Hamburgerning jo‘ja embrionlarida markaziy asab tizimining rivojlanishi bo‘yicha 1934-yilda e’lon qilgan xulosalari Ritani shu sohani chuqurroq o‘rganishga undagan edi). Jo‘ja embrioni nerv tolalari o‘sishini o‘rganishda eng yaxshi model edi. Shu sabab Rita faqat jo‘ja neyronlariga bor diqqatini qaratadi.

1941-yildan Italiya shaharlari bombardimon qilina boshlagach, oila Turindan qishloq joyga ko‘chib o‘tadi. Tadqiqoti aro yo‘lda qolmasligi uchun Rita yaqin atrofdagi dehqon xotinlardan, farzandi bo‘lmasa-da, “och bolalarimni to‘ydirish uchun” deya ko‘proq tuxum topib berishlarini tinmay iltimos qiladi. U endi sog‘lom jo‘ja embrionlaridagi nerv hujayralari o‘sishi bilan mutant, oyoq, panja, kurtaklari rivojlanishdan ortda qolgan jo‘ja embrionlarini solishtirishga o‘tadi. U har bir rivojlanish bosqichidagi embrionlarni soatlab mikroskopdan ko‘z uzmay tekshirar, yorib ko‘rar, his-tuyg‘uga javobgar neyronlarning qanday rivojlanishini kuzatar va natijalarni daqiqama daqiqa daftariga yozib borardi.

Akademiyadagi ilmiy ishlardan chetlashtirilgan, quvg‘inda yurgan Juzeppe Levi kunlarning birida sobiq talabasini yo‘qlab keladiyu, uning tadqiqotini bir sidra kuzatib, assistenlikka olishini so‘raydi. Ritaga ham ayni shunisi muddao edi. Savollari ko‘p, topolmayotgan javoblari kundan kun shubhalarini ko‘paytirayotgandi. Ikki hammaslak tez fursatda yeng shimarib, tadqiqotga jon-jahdi bilan kirishadi.

Kuzatishlari payti Rita bir xil miqdordagi neyronlar sog‘lom jo‘ja embrioniga ham, rivojlanishda nuqsoni boriga ham ko‘chib o‘tishini aniqlaydi. U yana katta miqdordagi neyronlar har ikkala embrionda avvaliga o‘sib, keyini o‘lishini aniqlaydi. Ammo ayrim neyronlar o‘sishdan to‘xtamay, sog‘lom jo‘ja embrionida keragicha topilsa, mutant embrionlarda buning aksi edi. Bunga sabab — mutant embrionlarga urug‘lantiruvchi ozuqa kabi ayrim tashqi omillar yetishmasdi. Oxir-oqibat, bir xulosa o‘rtaga chiqdi: neyronlarning rivojlanishi va farqlanishiga ta’sir qiluvchi o‘sish omili bor, faqat uzil-kesil aniqlab olinsa bo‘ldi.

Rita Levi o‘z laboratoriyasida. 1959-yil. Foto: The Nobel PrizeRita Levi o‘z laboratoriyasida. 1959-yil. Foto: The Nobel Prize

Neyrogenez haqidagi bu fikrlar Viktor Hamburgerning 1934-yilgi xulosalariga zid edi. Juzeppe va Ritaning ilmiy qarashlarini Musollini Italiyasida chop etish imkonsiz bo‘lib, maqola Belgiyada nashr qilinadi. Keyinchalik Viktor Hamburgerning o‘zi ham ularning tahlillarini astoydil o‘rganib chiqadi.

1943-yili Rita o‘z tadqiqotlarida andak tanaffus qilishiga to‘g‘ri keladi: Ikkinchi Jahon urushi yangi bosqichiga ko‘tarilgan, endi Italiya shimoliga Gitler Germaniyasi bostirib kirgan edi. Montalchinilar oilasi soxta pasport bilan Florensiyaga qochishga majbur bo‘ladi. “Urush oxirigacha Florensiyadagi yerto‘lada jon saqladik, — deydi u. — Bu yerda har kuni eng yaqin, qadrdon do‘stlarim, “Harakat partiyasi”ning mard partizanlari bilan aloqada bo‘lib turdim. 1944-yili ingliz-amerikan armiyasi natsistlarni Florensiyadan quvib chiqargach, ularning bosh-shtabiga doktor bo‘lib yollandim. Hamon urush o‘chog‘i so‘nmagan shimoldan oqib kelayotgan qochoqlarga g‘amxo‘rlik qildim, qo‘limdan kelganicha yordam berdim. Ular orasida yuqumli kasalliklar epidemiyasi, qorin tifi tarqalib, o‘lim soni oshar, hamshira va doktor sifatida xastalarning og‘rig‘iga malham qo‘yar, kunlik o‘lim tahdidini birgalashib yengardik”.

Urush tugagach, montalchinilar ham Turinga qaytadi va Rita universitetdagi ishini davom ettiradi. 1946-yili Missuri shtatining Sent-Luis shahrida ilmiy faoliyat bilan band Viktor Hamburgerdan ish taklifi tushganida, Rita sira ikkilanmay okeanortiga otlanadi va 30 yilcha AQShda qolib ketadi. “Sent-Luisda 10−12 oycha qolishni mo‘ljallagandim, biroq izlanishlarimizdagi behad ajoyib natijalar Italiyaga qaytishimni ortga suraverdi, — degandi u biografiyasida. — 1956-yili associate professor lavozimiga taklif etishdi, ikki yil o‘tib to‘liq professorlik pog‘onasiga ko‘tarildim. 1962-yili Rim bilan hamkorlikda tadqiqot ishini boshladim va qimmatli vaqtimni ikki shahar: Rim va Sent-Luis oralig‘ida sarfladim. 1969-yildan 1978-yilgacha Rimdagi Italiya Hujayra biologiyasi milliy tadqiqot instituti direktori bo‘lib ishladim. 1979-yili pensiyaga chiqqach, shu dargohning faxriy professori e’tirofiga sazovor bo‘ldim”.

Foto: The Nobel PrizeFoto: The Nobel Prize

XX asr dahshatli kki Jahon urushidan tashqari tarixga “tabiatshunoslikdagi inqilob” davri bo‘lib ham kirdi. Asr Kvant mexanikasi nazariyasini yaratishdan boshlanib, inson genomining to‘liq tadqiqotlarini nashr etish bilan tugallandi. Rita Levi-Montalchini ham asr ilm-faniga o‘z hissasini qo‘shib, tanlagan sohasida inqilob qilganlar safida turadi. AQShdagi eng zamonaviy, jamiki sharoiti badastir laboratoriyada ilmiy tadqiqotini davom ettirarkan, Viktor Hamburger va Stenli Koen bilan birga nerv o‘sishi omili (NGF) deb ataladigan neyronlar o‘sishi va farqlanishini osonlashtiradigan oqsilni aniqlaydi. 1986-yili esa yana uzoq davom etgan izlanish ortidan hamkasbi Stenli Koen ikkisi aynan asab o‘sishi omillarini kashf etgani uchun Nobel mukofotiga loyiq topiladi. Mukofotni qabul qilish marosimida u: “Agar kamsitilmaganim yoki ta’qiblarga uchramaganimda, Nobel mukofoti kaminaga hecham nasib etmasdi”, degandi.

98 yoshida nutq so‘zlayotgan Rita Levi-Montalchini. Foto: Wikimedia Commons98 yoshida nutq so‘zlayotgan Rita Levi-Montalchini. Foto: Wikimedia Commons

NGF asab hujayralari (neyronlar) saqlanishi, ko‘payishi va omon qolishida ishtirok etadi, turli biologik jarayonlarda muhim rol o‘ynaydi. Bu kashfiyot olimlarga aqli zaiflik hamda Alsgeymer kasalligini o‘rganish, saratonning terapevtik muolajalarini o‘tkazishda yordam berdi. Bundan tashqari, skleroz, shizofreniya, autizmni davolashga sabab bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Italiya, Amerika ilmiy dargohlarining nufuzli mukofotlari nasib etgan Rita xonimni 2001-yili prezident Karlo Champi Italiyaning umrbod senatori qilib tayinlaydi. Olima afrikalik ayollarning “o‘z imkoniyatlarini to‘la-to‘kis rivojlantirish uchun kerakli anjomlar” bilan ta’minlash maqsadida o‘z nomi bilan ataluvchi fondni tashkil qiladi.

Levi-Montalchini jamoat ishlarida ham faollik ko‘rsatadi. Ko‘p kuchini yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga, rag‘batlantirishga sarflaydi. “Baxtimga, Alsgeymerga chalinmadim. Adashmasam, tafakkur qilish qobiliyatim hozir 20 yasharligimdan ancha kuchli. Chunki fikrlarim katta tajribam bilan boyigan. Sababi oddiy: bu qiziquvchanligim so‘nmagani, iztirob chekayotganlarga yaqin bo‘lish istagim susaymaganidan”, — degandi u 100 yoshga to‘lganida.

Umrining so‘nggi kunlarigacha teran aqli, xotirasini yo‘qotmagan Rita Levi bir necha soat bo‘lsin tadqiqot ishi bilan shug‘ullanishni kanda qilmagan. 100 ga kirganida o‘zi ta’sis etgan Yevropa miya tadqiqoti instituti (EBRI) uning aqli hamon o‘tkirligi, 80 yil oldingidek ekanini ma’lum qiladi. O‘zini ilm-fanga bag‘ishlab, oila qurishdan voz kechgan hamda neyrobiologiyada maktab yaratgan Rita xonim 104 yoshida abadiy uyquga ketdi.