Toshkent viloyatida 20-maydan 360 darajada qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus qurilma ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, bundan respublika hududida YTHlarning oldini olish, qoidabuzarliklarga chek qo‘yish va harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsad qilingan. Qurilma YPX xodimlariga biriktirilgan xizmat avtomobillariga o‘rnatilgan. Mazkur qurilma bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham ishga tushiriladi.

Qurilma to‘xtab turganda va harakat davomida ham bir qancha qoidabuzarliklarni aniqlaydi, xususan:

  • o‘zi bilan bir yo‘nalishda va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish;
  • harakatlanish tezligini me’yordan oshirish;
  • svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik (to‘xtash chizig‘ini bosish);
  • yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqish;
  • yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik;
  • yo‘nalishli transportlar harakati uchun mo‘ljallangan tasmalarga o‘tib harakatlanish yoki to‘xtash tartibi va ushbu tasmada belgilangan talablarni buzish;
  • davlat raqam belgisi orqali avtomobil qidiruvda yoki yo‘qligini aniqlash.