Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev.

Mutolaa haqida

Ingliz tilida bir gap bor: “You are what you eat”. Ya’ni seni (jismoniy holatingni, sog‘lig‘ingni) iste’mol qilayotgan narsalaring belgilaydi. Men shi iborani boshqacha qilib aytgan bo‘lardim: “You are what you read. Ya’ni aqlingni, dunyoqarashingni, fikrlashingni o‘qiganlaring belgilaydi. Zero, aynan kitob, ilmiy yoki ommabop materiallar o‘qish orqali inson o‘z aqliy salohiyatini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi, fikrlash doirasini kengaytirib boradi, kerak bo‘lsa o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini o‘zgartira oladi. Shu ma’noda, doimiy mutolaa odatini shakllantirish inson uchun eng foydali ko‘nikma, deb hisoblayman.

Albatta, kundalik hayot tashvishlari, ish va boshqa yumushlar tufayli doimiy mutolaaga vaqt yoki qunt topish oson emas. Shu bois men o‘zim uchun “30 daqiqa qoidasi"ni belgilaganman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar har kuni mutolaa uchun (u hoh kitob, hoh biror ilmiy, tahliliy maqola, yangilik bo‘lsin) kamida 30 daqiqa vaqt ajratishga harakat qilaman. Buni imkon qadar oqshom payti, uyda, farzandlarim oldida qilishga harakat qilaman. Bu bir tomondan o‘zimda doimiy mutolaa qadriyatini rivojlantirishga, kitob o‘qish men uchun kundalik odatga aylanishiga yordam beradi, ikkinchidan, farzandlarim meni har kuni nimadir o‘qiyotganimni ko‘rib katta bo‘lsa, ularning ongida ham kitob o‘qish kundalik qilinadigan odatiy amal sifatida shakllanadi, kelajakda ularda ham kitob o‘qishga muhabbat paydo bo‘lishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Garchi so‘nggi yillarda asosan badiiy bo‘lmagan (non-fiction), fan, sohaga oid yoki biografik kitoblar o‘qisam-da, lekin ma’lum davriylik asosida badiiy kitoblar o‘qib borish ham muhim, deb o‘ylayman. Chunki yaxshi badiiy kitob nafaqat insonga ma’naviy, ruhiy lazzat berishi, balki tasavvurini kengaytirishga, ruhiy holatini yaxshilashga, shuningdek, badiiy asar yaratilgan davr, zamon, jamiyatdagi muhitni anglash, undagi ijtimoiy-axloqiy munosabatlarni tushunishga ham yordam beradi. Shundan kelib chiqib, kitob o‘qishda o‘zim uchun o‘rnatgan 3+1 qoidam bor: har uchta badiiy bo‘lmagan kitobdan so‘ng albatta bitta o‘zbek yoki jahon adabiyotidan badiiy kitob o‘qiyman.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Sergei Guriyev, Daniel Triesman. “Spin Dictators”. Princeton University Press. 2022-yil. 360 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Kitobda dunyo kundan-kunga o‘zgarib, zamonaviylashib borayotgan bir paytda, XXI asr diktatorlari qiyofasi va boshqaruv uslublari qanday o‘zgarayotganini ochib berishga harakat qilingan. Mualliflar fikricha, XX asrning Stalin, Gitler, Mao kabi shafqatsiz diktatorlaridan farqli o‘laroq bugungi zamonaviy avtokratlar/diktatorlar hokimiyatni kuch bilan emas, balki axborot manipulyatsiyasi va turli populistik yondashuvlar orqali ushlab turishni ma’qul ko‘rmoqda. Chunki axborot asrida qo‘rquv va zo‘ravonlik bilan hokimiyatni boshqarish bir tomondan samarasiz va qimmat bo‘lsa, boshqa tomondan xalqaro hamjamiyat tomonidan hokimiyat legitimligini tan olinmasligiga olib keladi.

Mixail Bulgakov. “Usta va Margarita”. “Sharq” nashriyoti. 480 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Shubhasiz, rus sovet adabiyotining oltin asarlaridan biri. Uni birinchi marta 7−8 yil avval o‘qigandim, yaqinda yana bir bor o‘qiganimdan afsuslanmadim.

Birinchi marta o‘qiganda bu shedevr kitobxonda qandaydir murakkab va tushunarsiz romandek taassurot qoldiradi. Lekin Bulgakovning bu asarini tushunish, undagi qahramonlar, obrazlar orqali yozuvchi nima demoqchi bo‘lganini anglash uchun, menimcha, kontekstni, ya’ni asar yozilgan davr, undagi siyosiy tuzum va ijtimoiy muhitni ham bilish muhim. Asardagi obraz va syujetlar orqali muallif din va e’tiqodni rad etuvchi, ozodlik va erkinlikka zarracha joy qoldirmagan jamiyat (kommunistik rejim) halokatga mahkum ekanligini bashorat qiladi (va bu bashorati to‘g‘ri bo‘lib ham chiqdi).

To‘g‘risi, bunday jasorati bilan Bulgakov qanday qilib zolim Stalin terroridan omon qolgani, asari esa bizgacha yetib kelgani meni hozirgacha hayron qoldiradi. Sotib olish.

Mark Koyama, Jared Rubin. “How the world became rich”. Polity nashriyoti. 2022-yil. 240 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Oxirgi 200 yillikdagi fenomenal iqtisodiy o‘sish tufayli bugun dunyo aholisi insoniyat tarixidagi eng yaxshi davrda yashamoqda. Lekin bu misli ko‘rilmagan iqtisodiy farovonlik sabablari, omillari nima? O‘zining necha ming yillik tarixida insoniyat nega aynan 18 asrdan keyin bunday rivojlanishga erisha oldi?

Ushbu qisqa, lekin iqtisodiy tahlil va tadqiqotga boy kitobda mualliflar yuqoridagi savollarga javob berishga harakat qilgan. Mualliflar ulardan avvalgi tadqiqotchilar xulosalarini tasdiqlagan holda inklyuziv, demokratik institutlar (“o‘yin qoidalari”) barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy kafolati ekanligini takidlagan bo‘lsa-da, lekin jamiyatda bunday institutlar shakllanishida tarixiy voqea va hodisalar, mamlakatning geografik o‘rni, mavjud madaniyat, qadriyat va ijtimoiy normalar kabi ko‘plab omillar muhim rol o‘ynashini ham inkor etmaydi.

Linda Yueh. “What would the great economist do?”. Picador nashriyoti. 2018-yil. 368 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Iqtisodchi, Oksford universiteti, London biznes maktabi va London iqtisodiyot maktabi kabi yirik oliygohlar professori Linda Yuning ushbu asari zamonaviy iqtisodiyot fanining 12 dahosi haqida. Kitobda Adam Smit, Karl Marks, Jon Keynes, Fridrix Hayek, Milton Fridman kabi iqtisodchilar hayoti, ilmiy ishlari va ularning zamonaviy iqtisodiyot faniga qo‘shgan hissalari haqida qisqa, lekin qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

Shu bilan birga, kitobda muallif agar bu daholar hozir hayot bo‘ganida bugungi dunyo qarshisida turgan global iqtisodiy muammolar, xususan inflyatsiya, ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik, xalqaro savdoga oid muammolarga qanday yechimlar taklif qilgan bo‘lishini taxmin qiladi. Iqtisodchi bo‘lmagan, lekin iqtisodiyotga, xususan mashhur iqtisodchi olimlar hayoti va ularning iqtisodiy g‘oya va qarashlariga qiziqqanlar uchun qiziq va foydali kitob.

Christopher Blattman. “Why we fight: the roots of war and paths to peace”. Viking nashriyoti. 2022-yil. 400 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Insoniyat tarixida urushlar va qurolli nizolar nafaqat yuz millionlab (ehtimol milliardlarlab) insonlar hayotiga fojiali nuqta qo‘ygan, balki har qanday taraqqiyotni ortga surgan, iqtisodiyotni honavayron, infrtazulamalarni yakson qilgan, qisqa qilib aytganda — bizni faqat va faqat qashshoqlashtirgan. Xo‘sh, shunday ekan, unda insoniyat nega urushaveradi? Nega qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda?

Ko‘p yillar davomida Afrikadagi “qaynoq nuqtalar"da tadqiqot olib borgan Chikagodagi Harris maktabi professori Kristofer Blatman ushbu kitobda urushlar, harbiy nizolar kelib chiqishining asosiy sabablarini besh toifaga ajratgan holda tahlil qiladi. Muallifga ko‘ra, urushlarni boshlash haqidagi qarorlar asosan cheksiz hokimiyatga ega, tiyib turilmaydigan shaxs yoki guruhlar tomonidan o‘z manfaatlarini o‘ylab qabul qilinadi (xuddi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi kabi).

Kitobda, shuningdek, harbiy nizolarning oldini olish yo‘llari ham ko‘rib chiqilgan.

Charlz Uilan. “Yalang‘och iqtisodiyot”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 540 sahifa

doniyor g‘aniyev, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Istaymizmi-yo‘qmi, iqtisodiyot har birimizning kundalik hayotimizga ta’sir qiladi. Boshlang‘ich iqtisodiy bilimlar aksariyat iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Asaxiy Books tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan iqtisodiyotga oid bu ajoyib kitob esa boshlang‘ich iqtisodiyotni formula va chizmalarsiz, sodda va tushunarli misollar bilan tushuntiradi. Men bu kitobni iqtisodiy bilim darajasi yoki tanlagan sohasidan qat’i nazar barcha yoshlarga, talabalarga tavsiya qilgan bo‘lardim. Sotib olish.

Yoshlarga tavsiyalar

Har bir insonning o‘z qiziqishlari, o‘lchov va tanlovlari bor, albatta. Bir insonga ma’qul kelgan, qiziq bo‘lgan asar boshqalar uchun qiyin yoki zerikarli bo‘lishi mumkin. Shu bois har kim o‘z qiziqish va hohishlari, aqliy salohiyati va imkoniyatlari, tanlagan kasbi va professional ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlov qilishi kerak. Lekin nima bo‘lganda ham, eng asosiysi — o‘qish kerak.

Quyida o‘zim o‘qigan (esimda qolgan) va menga ma’qul kelgan ba’zi kitoblarni tavsiya qilishim mumkin:

O‘zbek adabiyoti

  • Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar” (sotib olish), “Mehrobdan chayon” (sotib olish);
  • Abdulhamid Cho‘lpon. “Kecha va kunduz” (sotib olish);
  • Abdurauf Fitrat. “Hind sayyohining qissasi”;
  • To‘g‘ay Murod. “Otamdan qolgan dalalar” (sotib olish);
  • O‘tkir Hoshimov. “Ikki eshik orasi” (sotib olish), “Urushning so‘ngi qurboni”;
  • Tohir Malik. “Shaytanat” (sotib olish);
  • Shukur Xolmirzayev. “O‘zbek xarakteri”;
  • Javlon Joliyev. “Qo‘rqma” (sotib olish).

Jahon klassik adabiyotidan

Ilmiy-ommabop kitoblar

  • Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms Robinson. “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” (sotib olish);
  • S.Levitt, S.Dubner. “Freakonomics” (kitoblar seriyasi);
  • Yuval Noah Harari. “A Brief History of Humankind”; “21 lessons for the 21st Century” (sotib olish);
  • Jared Diamond. “Guns, Germs and Steel”;
  • Francis Fukuyama. “The Origins of Political Order”, “Political Order and Political Decay”;
  • Richard Taler, Cass Sunstein. “Nudge” (sotib olish);
  • Yona Berger. “Yuqumlilik” (sotib olish).

Biografiya va memuarlar:

  • Li Kuan Yu. “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga. Singapur tarixi”;
  • Uolter Ayzekson. “Stiv Jobs” (sotib olish);
  • J.Campbell, D.Freeman. “The Iron Lady: Margaret Thatcher”;
  • Brad Stone. “Jeff Bezos and the Age of Amazon” (sotib olish);
  • Toni Shey. “Baxt yetkazish. Milliard dollarlik internet do‘kon tarixi” (sotib olish);
  • Alex Haley. “Malcolm X”;
  • Simon Montefiore. “Stalin”;
  • Ezra Vogel. “Den Xiaoping and Transformation of China”.