O‘zbekistonda birinchi Wildberries saralash markazi ish boshladi. Bu haqda Spot xabar qildi.

Endilikda o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini marketpleys (onlayn do‘kon)da sotishlari mumkin. Bunda sotuvchilar buyurtmalarni onlayn qabul qiladi, keyin ularni saralash markaziga yetkazib beradi, u yerdan tovarlar xaridorlarga yuboriladi.

Toshkent viloyatida joylashgan logistika markazi 1122 kvadrat metr maydonni egallaydi. Shuningdek, markaz xorijdan kelgan buyurtmalarni ham saralaydi va buyurtmalar tarqatish punktlariga yetkazadi. Kompaniyaning O‘zbekistonda jami 57 ta shunday punktlari mavjud.

“Yangi Wildberries markazining ochilishi o‘zbek biznesi vakillariga onlayn segmentga kirish, o‘z logistika xarajatlarini kamaytirish va marketpleysda o‘z mahsulotlari turlarini kengaytirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Wildberries allaqachon O‘zbekistondagi tadbirkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunga qadar platformada 196 nafar mahalliy savdogar ro‘yxatdan o‘tgan. 2023-yil aprel oyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 79 foizga oshdi.

Avvalroq loyihaning umumiy qiymati 130 million dollarni tashkil etishi va loyiha ishga tushishi bilan 5000 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ma’lum qilingandi.

Ma’lumot uchun, Wildberries kompaniyasi 2004-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda universal formatdagi eng yirik onlayn gipermarketdir. Marketpleys orqali kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar va uy-ro‘zg‘or buyumlarining jahonda eng mashhur brendlari mahsulotlari sotiladi. Kompaniya O‘zbekiston bozoriga 2022-yil boshida kirib kelgan.