Toshkent harbiy okrugining “Angren” dala o‘quv maydonida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli kuchlari maxsus bo‘linmalarining hamkorligidagi “Qalqon-2023” maxsus-taktik o‘quvlarining asosiy fazasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur jarayonni har ikki mamlakat mudofaa vazirlari kuzatdib bordi.

“Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida notinchlik, keskinlik va qurolli to‘qnashuvlar o‘zaro muloqotlarda hal qiluvchi kuch sifatida namoyon bo‘layotgani va ularning mintaqamiz yaqinida yuz berayotgani o‘zaro harbiy sohadagi hamkorligimizni yanada kuchaytirishga undamoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘quv rejasiga muvofiq harbiy xizmatchilar chegara qo‘shinlarining tezkor kuch va vositalari bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harakatlari boshlandi. Dastlab maxsus bo‘linmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, dushman yo‘nalishini aniqladi.

Shundan so‘ng, shartli dushman joylashgan hudud minomyotlar yordamida o‘qqa tutildi. Maxsus bo‘linmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanishdi. Bunda belgilangan vazifani bajarish chog‘ida olovli qo‘llab-quvvatlov guruhiga yengil zirhlangan avtomobillar, jangovar vertolyotlar hamrohlik qildi va shartli dushman batamom yo‘q qilindi.

“Hamkorlikdagi jangovar harakatlar tajribasi bugungi kunda artilleriya hisoblarining mustaqil harakati muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib berdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.