O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida 15 ta maktab qurish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) bilan o‘zaro kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan YTTB Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yig‘ilishida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YTTB o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma imzolandi.

Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta’lim maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanishi belgilangan. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida YTTB mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo‘yicha ichki tahlillar o‘tkazildi. Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55−75 million dollarni tashkil etadi.