13-may kuni tushdan so‘ng Samarqand shahrida 59-sonli “Nurli maskan” maktabining 19 yoshli o‘quvchisini avtobus urib ketib, vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.

Ko‘rish bilan bog‘liq muammosi bor bola “Rudakiy” mahallasi hududidan o‘tuvchi “Beruniy-Gagarin” yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lidan o‘tayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda Isuzu avtobusi haydovchisi uni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan.

Oqibatda tan jarohati olgan piyoda shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, 15-may kuni shifoxonada vafot etgan.

Samarqand IIB matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, marhum o‘qigan maktab yonida ovozli svetofor mavjud. YTH esa boshqa hududda ro‘y bergan.

Holat yuzasidan JKning 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ketmoqda. Agar haydovchi aybdor deb topiladigan bo‘lsa, u muayyan huquqdan mahrum etilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Avvalroq, prezident qaroriga asosan, yil yakuniga qadar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l belgilari o‘rnatilishi aytilgandi.