Italiya shimolidagi Emiliya-Romanya hududida kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi, 13 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda BBC News.

Bir yarim kun ichida bu hududda 6 oylik miqdordagi yomg‘ir yog‘ib o‘tdi, 20 dan ortiq daryo qirg‘oqlaridan toshib ketdi, oqibatda yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi va kamida 40 ta aholi punktini suv bosdi, deb yozadi The Guardian.

Qutqaruv operatsiyalarida Italiya qurolli kuchlari va sohil xavfsizlik xizmati ishtirok etdi. Bir qator hududlarda tozalash va tiklash ishlari boshlangan. 27 mingga yaqin odam hamon elektr energiyasiz qolmoqda.

Kelgusi hafta oxirida mintaqada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Formula-1” Gran-prisi yaqin atrofdagi Santerno daryosini suv bosishi xavfi tufayli bekor qilindi.

Toshqin Italiyada so‘nggi 100 yildagi eng halokatlisi deb baholanmoqda. Emiliya-Romanya gubernatori Stefano Bonachchini 2012-yilda mintaqada sodir bo‘lgan va 28 kishining hayotiga zomin bo‘lgan zilzila bilan yog‘ingarchilik sababli yuzaga kelgan vayronagarchiliklar ko‘lamini taqqosladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mintaqani tiklash uchun bir necha milliard dollar kerak bo‘ladi.