Xitoyga davlat tashrifi bilan borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni ramziy tugmani bosib, mamlakatda 15 ta yangi ishlab chiqarish obyektini ishga tushirdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ulardan biri Sirdaryoda joylashgan Xitoyning EXEED brendi ostidagi avtomobil zavodidir, deya xabar berdi korxona vakillari “Gazeta.uz”ga.

Zavodda uchta premium EXEED modelini — LX ixcham krossoverini, TXL o‘rta o‘lchamli krossoverini va VX to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamasni ishlab chiqarish rejalashtirmoqda. Ularning sotuvi iyun oyida boshlanishi kutilmoqda, o‘sha vaqtda narxlar ham ma’lum bo‘ladi.

Loyiha butlovchi qismlardan yig‘ish (SKD) bosqichida yiliga 20 mingtagacha va to‘liq ishlab chiqarish sikli (CKD) bosqichida yiliga 150 ming donacha avtomobil ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda EXEED brendining ishlab chiqaruvchisi Asaka Motors hisoblanadi. Loyiha qiymati 390 mln dollarni tashkil etadi.

“Yangi zavodda zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or ishlab chiqarish usullari qo‘llanilgan bo‘lib, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi”, — dedi Asaka Motors bosh direktori Akramjon To‘xtaboyev o‘z nutqida.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, 3,3 mlrd dollarlik 15 ta loyihani — avtomobil va elektromobillar, metall mahsulotlari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va boshqa quvvatlarni ishga tushirgani, yangi korxonalar qurilishiga start bergani haqida xabar qilgan edik.