Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston hukumatiga Toshkentdagi elektr energiyasini taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investorlarni jalb qilishda yordam beradi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Tranzaksiya bo‘yicha yetakchi maslahatchi sifatida IFC hukumatga mamlakatda ilk bor elektr energiyasini taqsimlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Ushbu hamkorlikdan maqsad Toshkentning eskirgan tarqatish tizimini tiklash, modernizatsiya qilish va ishga tushirishdan iborat.

Loyiha zarur tajriba va imkoniyatlarga ega investorni aniqlash uchun shaffof va raqobat muhitli xalqaro tenderni tashkil etish hamda tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

“Loyiha taqsimlash tizimimiz oldida turgan muammolarni hal qilish, jumladan, elektr energiyasining yuqori yo‘qotishlari va elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega”, — dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Hamidov.

O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha maqsadlarga erishishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishganiga qaramay, taqsimlash sektoriga investitsiyalar jalb qilishda ortda qolmoqda va qayta tiklanadigan energiyaga yo‘naltirilgan tarmoqlarni qurish uchun katta mablag‘ talab etiladi, deya ta’kidladi IFC.

“Mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston barqaror infratuzilma yechimlariga muhtoj. Buning uchun xususiy sektorning kapitali va bilimi juda muhim, — dedi IFC`ning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer. — Ushbu loyiha IFC`ning mamlakatda barqaror va transformatsion infratuzilma loyihalarini rivojlantirish uchun ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini aks ettiradi”.