Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Xitoydan katta miqdorda dori vositalari sotib olgani, tabletka ko‘rinishidagi ushbu preparatlar respublika bo‘ylab 60 yoshdan oshgan aholi vakillariga berilishi, ammo ular inson organizmi uchun xavfli ekani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, bu xabarlar haqiqatga zid.

Ta’kidlanishicha, bundan 2 yil avval respublikada koronavirus pandemiyasi avj olgan davrda ham internetda COVID-19 infeksiyasiga qarshi ishlab chiqarilgan vaksinalar to‘g‘risida shu singari ma’lumotlar tarqatilgan.

“Biroq oradan vaqt o‘tib, ushbu xabarlar mutlaqo uydirma ekani ma’lum bo‘ldi. Aksincha, vaksinalar aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy immunitetni shakllantirish, kasallikning oldini olish hamda pandemiyani to‘xtatishda muhim vosita bo‘lib xizmat qildi”, — deyiladi xabarda.

SSV shu kunlarda tarqalayotgan xabarlarni ham “bo‘hton va safsatadan boshqa narsa emas” deb atadi va aholidan feyk xabarlarga ishonmaslikni so‘radi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni vazirlik saytidangina olish kerakligi eslatib o‘tildi.