Toshkentdagi 348-maktabning 6-sinf o‘quvchisini maktab binosida ilon tishlab oldi. Voqea 10-may kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bu ma’lumotni tasdiqlab, o‘quvchini ikkinchi qavatdagi deraza romidagi bo‘shliqdan chiqib ketgan suv iloni tishlab olganini ma’lum qildi. O‘quvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shundan so‘ng u ota-onasi va sinf rahbari hamrohligida shifoxonaga yetkazilgan. U yerda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. “O‘quvchi O‘. A. to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, jiddiy jarohat yetkazilmagani aniqlanib, shu kunning o‘zida o‘quvchi maktabga dars jarayonlarida qatnashgan”, deyiladi xabarda.

Boshqarmaning qayd etishicha, 1978-yilda qurilgan maktab avvallari Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumaniga qarashli bo‘lgan. Maktab Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanining ekinzor dala hududi bilan chegaradosh qismida joylashgan bo‘lib, maktab hududining chegaradosh qismida katta oqava suv kanali o‘tgan.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, maktab 2008-yildan beri ta’mirlanmagan, mart-aprel oylarida tashabbusli budjet loyihasiga ko‘ra, maktab tomini kapital ta’mirlash uchun mablag‘ olingan. Bino 2024-yilda kapital ta’mirlanishi rejalashtirilgan.