Issiqxona gazlari chiqindilari va El-Nino tabiiy hodisasining kuchayishi tufayli o‘rtacha global harorat yaqin besh yil ichida rekord darajaga yetadi, deya xabar bermoqda Butunjahon meteorologiya tashkiloti.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023−2027-yillar oralig‘ida o‘rtacha global harorat sanoatdan oldingi darajadan Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan yuqori bo‘lishi ehtimoli 66 foiz.

Meteorologlar, shuningdek, keyingi besh yildagi bir yil yoki butun besh yillik davr tarixdagi eng issiq yil bo‘lishini 98 foiz ehtimoli bilan bashorat qilmoqda.

“Kelgusi oylarda isinish El-Nino hodisasi kutilmoqda, bu antropogen iqlim o‘zgarishi bilan birgalikda global haroratni aniqlanmagan hududga olib keladi. Bu salomatlik, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit uchun keng miqyosli ta’sir ko‘rsatadi”, dedi Butunjahon meteorologiya tashkiloti rahbari Petteri Taalas.

Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, Arktikada isish nomutanosib darajada katta — u yerda harorat o‘rtacha global ko‘rsatkichdan uch barobar tezroq ko‘tarilmoqda.

“Bu hisobot biz Parij kelishuvida belgilangan Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan doimiy ravishda oshib ketamiz degani emas… Biroq Butunjahon meteorologiya tashkiloti Selsiy bo‘yicha vaqtinchalik 1,5 darajadan oshib ketish chastotasi oshishidan xavotir bildiradi”, — ta’kidladi Taalas.

Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan vaqtincha oshib ketish ehtimoli nolga yaqin bo‘lgan 2015-yildan beri o‘sib bormoqda, deb ta’kidlaydi tashkilot. 2017-yildan 2021-yilgacha u 10 foizni tashkil etdi.

  • 2015-yilgi Parij iqlim kelishuviga ko‘ra, davlatlar global haroratni Selsiy bo‘yicha 1,5 darajadan pastda ushlab turish majburiyatini olgan. Buning uchun kelishuvda issiqxona gazlari emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish uchun barcha mamlakatlar oldiga uzoq muddatli maqsadlar qo‘yilgan.
  • El-Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan tavsiflangan tabiiy fenomen. Bu hodisa har 2−7 yilda sodir bo‘ladi va 18 oygacha davom etishi mumkin. El-Nino epizodlari paytida tropik zonalarda yog‘ingarchilik va atmosfera aylanishining normal sxemasi buzilib, butun dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlarini keltirib chiqaradi.