Surxondaryo viloyatida ilk bor tez yordam chaqiruviga elektroskuterlarni yuborish tartibi sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialiga bir kunda o‘rtacha 3000 dan ziyod chaqiriq kelib tushadi. Murojaatlarning aksariyati 17:00 dan tungi 01:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘iga to‘ri keladi.

“Bunday tig‘iz paytda bemorlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Shu bois viloyat „tez yordam“ xizmatida bu masalaga innovatsion yechim sifatida elektroskuterlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.

Elektroskuterlar zamonaviy “103” avtomashinalari kabi qulayliklarga ega bo‘lmasa-da, tirbandliklar va harakatlanish qiyin bo‘lgan joylarda oson yura olishi ta’kidlandi.

Skuterlarda maxsus chemodan bo‘lib, unda eng asosiy apparatlar, bir martalik tibbiy buyumlar, birinchi yordam uchun dori vositalari mavjud.

tez yordam, сурхоndaрё viloyati, скутерлар

Skuterlardagi tez yordam feldsheri qo‘shimcha jarohatlar yoki hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda Call-markaz bilan aloqaga chiqadi va ularga bemor holati haqida ma’lumot beradi, shundan so‘ng vrachlik brigadasi yuborilishi mumkin. Brigada yetib kelgunga qadar feldsherlar bemorga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatadi. Ahvoli og‘ir bo‘lmagan bemorlarga esa feldsherning o‘zi kerakli yordam va tavsiyalarni berib qaytadi.