16-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishish davomida mutasaddilarga maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada 30 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2 milliondan ziyod o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Tizimga bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 72 foizga yetgan.

Joylarda o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda aholi bog‘chalarni yanada ko‘paytirish istagini bildirgan. Shunga asosan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktabgacha ta’lim jarayonini yangi tartibda tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bog‘chalarda sifat va qamrovni oshirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilish choralari haqida axborot berildi. Xususan, aholisi zich yoki qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlarda yangi davlat bog‘chalari quriladi hamda xususiy sektor kengaytiriladi. Kam quvvatda ishlayotgan maktablarda tayyorlov guruhlari tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev bu soha ayollarga yengillik yaratish va farzandlar tarbiyasida muhim ekaniga alohida e’tibor qaratdi. Mutasaddilarga ta’lim sifatini yaxshilash, dasturlarni takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga ko‘ra, kelgusi 5 yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini 62 foizdan 80 foizga yetkazish rejalashtirilgandi. 2026-yilga kelib esa 6 yoshli bolalarni 100 foiz maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish kutilmoqda. Buning uchun esa 7 mingdan ortiq nodavlat muassasalarni qurish, 160 mingdan ko‘proq kadrlar malakasini oshirish maqsad qilingan.