Toshkent shahri Olmazor tumanida odam o‘g‘irlash, bosqinchilik va yana bir qator jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilgan 4 nafar sudlanuvchiga hukm o‘qildi. Bu haqda Milliy TV telekanalining Millar ko‘rsatuvida xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan bir necha oy avval 4 nafar shaxsdan biri YPX xodimi formasida fuqaroni to‘xtatgan, shundan so‘ng ko‘zini skotchlab, o‘g‘irlab ketgan va qo‘rqitish yo‘li bilan 7 ming dollar pulini olib qo‘ygan. Ular yana katta miqdorda pul talab qilib, agar bermasa, fuqaroning barmoqlarini kesib, oila a’zolarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan, to‘pponcha va elektroshoker bilan tahdid qilgan.

Jabrlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u o‘zi olib ketilayotgan mashinadan tushib qolib, odamlarni yordamga chaqirgan.

Xodimlar gumonlanuvchilarning barchasini qo‘lga olgan, holat esa jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud ularga quyidagicha hukm o‘qidi:

1980-yilda tug‘ilgan cudlanuvchi Jinoyat kodeksining 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 2-qismi “b, v” bandlari, 28,164-moddasi (Bosqinchilikda tashkilotchi) 2-qismining “a, b, v” bandlari, 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismining “a” bandi, 28,267-moddasi (Transport vositasini olib qochishda tashkilotchi) 2-qismining “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi va 15 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

Qolgan 3 nafar sudlanuvchi odam o‘g‘irlash, bosqinchilik, tovlamachilik, transport vositasini olib qochish jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. 1997-yilda tug‘ilgan cudlanuvchiga 13 yil 6 oy, 1981-yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga 13 yil 9 oy, 1994-yilda tug‘ilgan cudlanuvchiga esa 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvilardan solidar tartibda jabrlanuvchi foydasiga 437 139 548 so‘m undirilishi belgilandi.