O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilishini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikatlari tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 12-maydagi qarorida ko‘zda tutilgan.

1-iyuldan “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi GESlarda, 1-oktabrdan esa quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida hamda boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun sertifikatlar joriy etiladi.

Amalga oshirilgan tartib-qoidaga ko‘ra, bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1 000 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi — “yashil energiya” sertifikatlari tizimini yuritish, xususan generatsiya obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, generatsiya obyektlariga berish va ularning harakati hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul organ hisoblanadi.

“Yashil energiya” sertifikatlari fuqarolik huquqlari obyektlari jumlasiga kiradi, erkin muomalada bo‘lishi va qonunchilikda belgilangan tartibda yoki usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazilishi mumkin.

Generatsiya obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, noyob identifikatsiya raqamiga ega bo‘lgan “yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, ularning harakati hisobini yuritish “Yashil energiya” sertifikatlari yagona elektron platformasi orqali xalqaro standartlar talablari asosida amalga oshiriladi.

“Yashil energiya” sertifikatlarini chiqarish, berish, hisobdan chiqarish va ularning aylanmasi bilan bog‘liq munosabatlarga qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik tatbiq etilmaydi.

Generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi. “Yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilishga doir xarajatlar foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiradi.

1-iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga vakolatli organ tomonidan belgilanadigan, energiya sarfi hajmidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan energiya ulushini oshirish bo‘yicha talablarni bajarishda yetishmagan energiya ulushini tegishli miqdordagi “yashil energiya” sertifikatlari hisobidan qoplash huquqi beriladi.

Farmonda Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha moliya vazirlari koalitsiyasi”ga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi hamda belgilangan tartibda koalitsiyaga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish bo‘yicha taklif kiritish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot (I-REC) bilan kelishuvga erishish hamda tizimni tartibga soluvchi mas’ul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilotda akkreditatsiyadan o‘tish topshirildi.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan birgalikda birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energiya seksiyasini” tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va “yashil” o‘sish tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari tashlanmalarini qisqartirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro donor tashkilotlarning texnik ko‘magini jalb qilgan holda vazirlik tizimda davlat muassasasi shaklida “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil etiladi.