Air Cairo aviakompaniyasining Sharm ash-Shayx-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha SM771 reysi Misr aeroportida 10 soatdan ortiq kechiktirildi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Bunga Sharm ash-Shayxdagi noqulay ob-havo sharoiti, shuningdek, ekipaj ish vaqti tugagani sabab bo‘lgan.

200 dan ortiq yo‘lovchi O‘zbekiston poytaxtiga jo‘nab ketishni kutmoqda. Sharm ash-Shayxdan Toshkentga uchadigan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da uchishi rejalashtirilgan. Toshkentga yetib kelish 19:30 ga belgilangan.

Uzoq kechikish munosabati bilan SM772 (Toshkent-Sharm ash-Shayx) reysining parvozlar jadvali o‘zgartirildi. Toshkentdan jo‘nab ketish 17-may kuni soat 20:30, Sharm ash-Shayxga yetib kelish 18-may, Toshkent vaqti bilan soat 01:55 ga belgilangan.

Qayd etilishicha, Toshkent xalqaro aeroportidan uchayotgan yo‘lovchilarga reysning kechiktirilgani haqida xabar berilgan va ularga o‘z uylariga qaytish yoki terminalda parvozni kutish taklif qilingan.

“Parvoz jadvalini o‘zgartirish to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar aviatashuvchidan olinishi mumkin”, — deyiladi xabarda.