16-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki nazorat komissiyasi tomonidan xalq orasida Shukrullo domla nomi bilan tanilgan Farg‘ona viloyati Toshloq tumani bosh imomi va “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Shukrullo Egamberdiyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari muhokama qilindi.

Idora matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, yig‘ilishda imom-xatibning 6 oy davomida tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan chiqishlari va fikr-mulohazalari imomlik maqomiga to‘g‘ri kelmasligiga e’tibor qaratilgan.

Shukrullo Egamberdiyev majlisda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida xatoga yo‘l qo‘yganini e’tirof etib, uzr so‘radi.

“Imom-xatib kelgusidagi faoliyatida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. O‘z navbatida, mazkur xatti-harakatlarga nisbatan huquqiy baho berib, tegishli chora ko‘rilishi munosabati bilan imom-xatibni obro‘sizlantirish holatlaridan saqlanishni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Ichki nazorat komissiyasi bayon etilganlarni inobatga olib, Shukrullo Egamberdiyevga hayfsan intizomiy jazosi berdi va Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qildi.

Avvalroq tarmoqlarda Shukrullo Egamberdiyevning xorijda yurgan migrantlar haqidagi videosi tarqalgandi.

“Ish yo‘q, ish yo‘q, deydi. Kallani ishlatish kerak. Hozir shu yerda ko‘cha supur desa, supurmaydi, Rossiyada supuradi. Shu yerda mol tagini tort desa, tortmaydi, u yerda cho‘chqaning tagini tozalaydi. Shu yerda molning tagini tort. Millatingnikini tort. O‘qimasang, qul bo‘lasan. Agar shu ketishda bo‘lsa, bolalar ilm-fanga e’tibor qaratmasa, qul bo‘lib yuraveramiz. Yana chiqvolib, o‘zicha bilimdonlik qiladi. Alloh fazli nimaligini internetda gapirayotgan hammasidan zo‘r bilaman. Qur’onning fazilati nima, hadisning fazilati nima — hammasini yaxshi bilaman. Shuning uchun o‘qiganman madrasada”, — degan Shukrullo Egamberdiyev.

Keyinchalik u o‘zining Instagram sahifasida ushbu video yuzasidan izoh berdi.

“Haq so‘zni aytsam, uni negativ deb qabul qilamiz. Musofir yurtdagi do‘stlarimiz ilm o‘qishi, ilm o‘qimagan odam qiynalishi, o‘qigan odam hayotda qoqilmasligi haqidagi gapimizni noto‘g‘ri qabul qilishganmi yoki men tushuntirish bilmaganmanmi, bilmadim”, — deydi u.

Yana bir rezonansli videoda imom bitiruv kechasida vals tushgan qizlarni tanqid qilgan. Videoda, xususan, bugun maktabda yigitlar bilan vals tushgan qizga es-hushi bor yigitlar uylanmasligi aytilib, bunday qizlarda turmush o‘rtog‘iga nisbatan vafo va sadoqat bo‘lishi so‘roq ostiga olingan.