Har yili 18-may kuni dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida Xalqaro muzeylar kuni nishonlanadi. Uni nishonlash to‘g‘risidagi qaror 1977-yilda Xalqaro muzeylar kengashining navbatdagi yig‘ilishida qabul qilingan.

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida soat 9:00 dan 18:00 gacha ochiq eshiklar kuni tashkil etiladi.

O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida bayram munosabati bilan quyidagi qator tadbirlar o‘tkaziladi:

18-may

  • 11:00 — 18-may “Xalqaro muzeylar kuni” dasturiga bag‘ishlan matbuot anjumani;
  • 12:00 — O‘zbekiston XX -XXI asr “Rangtasvir va haykaltaroshlik” san’atining yangi ekspozitsiyasining ochilish marosimi;
  • 15:30 — “To‘qimachilik san’ati” nomli ko‘rgazma;
  • 16:00 — “Open Air Fest” ko‘ngilochar dasturi;
  • 17:00 — Bahodir Jalolovning “Mangulikdagi chiziq” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi.

19-may

  • 17:00 — “San’atni anglash san’ati” ko‘rgazmasining ochilish marosimi;
  • 19:00 — “Muzeyda tun” nomli dastur marosimi.

24-may

  • 16:00 — O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov bilan uchrashuv.

25-may

  • 15:00 — San’atshunos Elmira Ahmedovaning “O‘zbekiston san’ati — davr to‘fonida” nomli ma’ruza.

26-may

  • 15:00 “San’atni anglash san’ati” loyihasida ishtirok etayotgan rassomlar bilan ijodiy uchrashuv.

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida soat 10:00 dan 16:00 gacha miniatyura, xattotlik, abra va qo‘lbola ipak qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga ma’muriyat.

O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyida muzey faoliyati va tarixiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirlar mamlakatning boshqa muzeylarida, xususan, I.V.Savitskiy nomidagi san’at muzeyi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida 19-may kuni Open Air Fest va “Muzeyda tun” tadbiri o‘tkaziladi.

18-may kuni barcha davlat muzeylariga kirish bepul.