2023-yilning o‘tgan davrida fuqarolar orasida 21 ta holatda ovqatdan zaharlanish kuzatildi, deb xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.

Aniqlik kiritilishicha, bundan жабрланган 107 nafar fuqaroning 22 nafari bolalar bo‘lgan, 2 nafar bemor vafot etgan.

Jami qayd etilgan zaharlanishlardan 15 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm kasalligi qayd etilib, 52 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 8 nafari bola bo‘lgan.

6 ta holatda ovqat toksikinfeksiyasi qayd etilgan bo‘lib, 55 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lsa, shulardan 11 nafarini bolalar tashkil etgan.

2 ta holatda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida, ya’ni tez tayyorlanadigan lavash, burger va shu kabi tezpishar mahsulotlarni iste’mol qilgan fuqarolar orasida oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi va ovqatdan zaharlanish kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, 2022-yil davomida 65 holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilib, 518 nafar fuqaro jabrlangan, shulardan 194 nafari bolalar bo‘lgan, 2 nafar bemor vafot etgan (uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotini iste’mol qilgan).

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yanvar oyida Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida bir oilaning 5 a’zosi botulizmga chalinib, ularning 2 nafari vafot etgandi. Ular uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasidan zaharlangan.

Toshkent viloyatida esa bir oiladan 4 kishi halok bo‘lgan, yana 3 nafari kasalxonaga yotqizilgandi. O‘lim sababi oziq-ovqat yoki is gazidan zaharlanish bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan, yakuniy xulosa o‘lim sababi sifatida is gazidan zaharlanishni keltirgan.