O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbarini prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tgani, natijada mamlakatning amaldagi prezidenti va Respublika alyansi ko‘pchilik ovozlarni qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.

“Ovoz berish natijalari qardosh Turkiya xalqi prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat beradi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi majlisi kun tartibini tayyorlash bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Turkiya bo‘ylab saylov qutilarining 99,31 foizidan olingan ovozlarni sanab chiqish natijalariga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi ovozlar quyidagicha taqsimlandi: Rejep Tayyip Erdog‘an — 49,41 foiz, uning asosiy raqibi Kemal Qilichdaro‘g‘li — 44,96 foiz, Sinan Ogan — 5,20 foiz. Bu natijalar saylovning ikkinchi turi o‘tkazilishi kerakligini anglatadi.