Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda suv tanqisligini qurg‘oqchil hududlarning qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishi o‘rganildi. Bu haqda institut axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirda Yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda.

“Kelgusi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi va qo‘shni mamlakatlarda suv iste’molining ortishi O‘zbekistonda Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolardan suv olinishini kamaytiradi. Natijada qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin”, — deyiladi tashkilot axborotida.

Ma’lum qilinishicha, 2030-yilga borib mamlakatda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi hamda buning oqibatda O‘zbekiston dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli mavjud.

“Bunday sharoitda Amudaryo va Sirdaryo havzalari quyi oqimida joylashgan hududlardagi eng ko‘p suv sarflanadigan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i (jami suvning 90 foizi) katta zarar ko‘radi. Shu sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlarni bosqichma-bosqich suvni kam talab qiladigan ekinlarga almashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq”, — deyiladi institut matbuot xizmati xabarida.

Tadqiqot davomida suv tanqisligi ta’sirini yumshatish maqsadida qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarning suv iste’moli darajasi ham o‘rganilgan.

“Jumladan, suvni kam talab qiluvchi 1 tonna kovul (kapers) yetishtirish uchun 500 kub metr, cho‘l jo‘xorisi (helictotrichon desertorum, yem-xashak) yetishtirish uchun 700 kub metr, 1 tonna qo‘y va echki go‘shtini ishlab chiqarish uchun esa 1500 kub metrgacha suv sarflanadi. Demak, ular suvni yuqorida qayd etilgan suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlarga nisbatan 10 baravar kam iste’mol qiladi. Shuningdek, mosh, loviya, no‘xat va qizil loviya (fasol) kabi qurg‘oqchilikka chidamli dukkakli don ekinlarini ekish maqsadga muvofiq. O‘zbekistoning sug‘orilmaydigan cho‘l hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli va bozorbop kovul (kapers) yetishtirib, uning eksportini keskin oshirish imkoniyatlari mavjud”, — deyiladi institut axborotida.

Qayd etilishicha, tadqiqot natijasida qurg‘oqchil hududlarda kam suv talab qiluvchi kovul (kapers, ozuqabop va farmatsevtikada foydalaniladi), tipchoq (Festica valesiaca, yem-xashak uchun), qo‘ng‘irbosh (myatlik, yem-xashak uchun), cho‘l jo‘xorisi (helictotrichon desertorum, yem-xashak uchun) cho‘l-dasht solyankasi (salsola collina, farmatsevtikada foydalaniladi), soyali sparja (fuchju, ozuqabop ekin) kabi ekinlarni ekish va xosil olish imkoniyatlari borligi aniqlangan.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqining ASK dasturi rahbari Adrian Nil “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida 2059-yilga borib O‘zbekistonda irmoqlar qisqarishi yoki yo‘qolib ketishi kutishi mumkinligini aytgan edi. “Umumiy xulosaga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining ekinlardan ko‘ra suvga nisbatan ta’siri xavotirliroq. Chunki suvsizlik oqibatida ekin ham, xosil ham bo‘lmaydi. Mazkur tadqiqot natijasidan ko‘pchilik yoki ayrimlar xavotirga tushmasligi, bunga ishonmasligi mumkin. Lekin bu tadqiqot dalillarga asoslangan va kelajakda kutilayotgan prognozlar ekanini unutmaslik zarur”, degandi Adrian Nil.