O‘zbekistonda 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilingan.

Prezidentning malum qilishicha, yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berilgan. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda. Natijada o‘tgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan.

Shuningdek, prezident, “uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlar moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinganini qayd etdi.