O‘zbekiston 2023-yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi fondiga 100 ming AQSh dollarini ixtiyoriy badal sifatida o‘tkazadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy maqsadlarini amalda amalga oshirishda BMT sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash”ga qaratilgan.

Bungacha O‘zbekiston 2021-yilda (shu yildan boshlab mamlakat BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga uch yilga a’zo etib saylangan), 2018-yilda (deklaratsiyaning 70 yilligi munosabati bilan) va 2008-yilda (deklaratsiyaning 60 yilligi munosabati bilan) 100 000 AQSh dollari miqdoridagi ixtiyoriy badallarni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi fondiga o‘tkazgan.