12-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish, xususan, Milliy gvardiya xodimlarining vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Endilikda Milliy gvardiya xodimlari va harbiy xizmatchilari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalari yuzasidan huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va jarima solishi (sud ko‘rmasdan) mumkin:

  • 187-moddaning 1-qismi (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish);
  • 188-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
  • 188−2-modda (Voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish);
  • 192-modda (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish).

Shuningdek, Milliy gvardiyaga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 19-moddasi, jumladan, mayda bezorilik, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va sudga ko‘rib chiqish uchun yuborish vakolatlari berildi. Bu haqda avvalroq “Gazeta.uz” batafsil to‘xtalib o‘tgandi.